Markaziy Osiyo mamlakatlari “Made in Central Asia” brendini yaratmoqchi

14.11.2025 12:09
Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari savdo va investitsiya vazirlari yig'ilishida Markaziy Osiyo ichki savdosini 20 mlrd dollarga yetkazish rejalashtirildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari “Made in Central Asia” brendini yaratmoqchi

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 20 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon mamlakatlari savdo va investitsiya vazirlari kengashining ilk yig‘ilishida ma’lum qilindi.


Uchrashuvda mintaqa davlatlarining savdo va investitsiya vazirlari sanoat integratsiyasini kuchaytirish va ichki bozorlarni uyg‘unlashtirish muhokama qilindi. Xususan, Made in Central Asia brendi ostida qo‘shma ishlab chiqarish maydonlari yaratish, xalqaro moliya institutlarini infratuzilma loyihalariga jalb qilish kabi takliflar ilgari surildi.

O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan savdosi barqaror o‘sishda davom etmoqda. Agar 2017-yilda tovar ayirboshlash hajmi 3,2 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda bu raqam 6,9 mlrd dollarga yetdi.

Qozog‘iston bilan savdo hajmi 4 mlrd dollarga yaqinlashgan, Qirg‘iziston bilan 700 mln dollar, Tojikiston bilan 570 mln dollarni tashkil qilmoqda.

Turkmaniston bilan savdo so‘nggi besh yilda ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 1,15 mlrd dollarga yetgan. Ozarbayjon bilan savdo esa joriy yilda 13 foizga o‘sgani qayd etilgan.

Yig‘ilish davomida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, transport-logistika infratuzilmasini moslashtirish va mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarini birlashtira oladigan sanoat hablarini shakllantirish zarurligi ham ta’kidlandi.

Shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni qo‘shma ishlab chiqarish va eksport qilish bo‘yicha imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

#Markaziyosiyo#savdo

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar