Markaziy bank mikroqarzlar berish bo‘yicha banklarga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirmoqchi.
Bu haqda 25-fevral kuni o‘tkazilgan media-muloqotda Kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga solish metodologiyasi departamenti rahbari Sanjar Nosirov ma’lum qilganini "Spot" muxbiri xabar berdi.
Uning ta’kidlashicha, Markaziy bank aholiga berilayotgan avtokreditlar va mikroqarzlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi, qarz oluvchilar daromadlaridagi uzilishlar, avtomobillarning bozor qiymatining pasayishini banklar barqarorligi uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin deb hisoblamoqda.
Shu sababli, tijorat banklarida avtokreditlar singari, kredit portfelida mikroqarzlar ulushini 25 foizgacha cheklashni rejalashtirmoqda. Bunda regulyator Xitoy va Hindiston kabi davlatlar tajribasiga tayanmoqda.
Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning birinchi yarmida mikroqarz olgan fuqarolar soni 2 mlndan oshgan. Yil oxiriga kelib esa bu ko‘rsatkich 2,5 million nafarga yaqinlashgan.
Sanjar Nosirovning aytishicha, hozirda 5 ta bankda mikroqarzlar 25 foizdan yuqori, ulardan 3 tasi "yangi" bank ekanligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Markaziy bank 2 ta bank bilan muzokaralar olib borib, kredit mahsulotlarini o‘zgartirishga muhlat bergan.
Jurnalist Nikita Makarenko o‘zining Telegram kanalida TBC Bank va ANORBANK’ning kredit portfelining 100 foizini mikrokredit tashkil etgani haqida yozgan. Biroq, Markaziy bank OAV bilan uchrashuvda ushbu banklar ro‘yxatini ochiqlamagan.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda mikroqarzlar 45,83 trillion so‘mni, mikrokreditlar esa 17,4 trillion so‘mni tashkil etgan.
Avvalroq, 2024-yilda O‘zbekistonda 1,1 milliard so‘mlik islomiy moliya xizmatlari ko‘rsatilgani haqida yozgandik.