O‘zbek tilida xizmat ko‘rsatmagan Wizz Air xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi

06.03.2025 06:33
O‘zbek tilida xizmat ko‘rsatmagan Wizz Air xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi. Bu Samarkand–Abu-Dabi yo‘nalishida ekipaj a’zolari tomonidan yo‘lovchiga xavfsizlik qoidalarini o‘zbek tilida tushuntirish rad etilgani va qo‘pol munosabatda bo‘lingani ortidan amalga oshirildi.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijasida Wizz Air aviakompaniyasi o‘z reyslarida o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatishni ta’minlash majburiyatini oldi. Bu Samarkand–Abu-Dabi yo‘nalishida uchgan yo‘lovchilardan biri – R. Kusherbaevning murojaati asosida amalga oshirildi.

Uning ta’kidlashicha, parvoz davomida xavfsizlik qoidalari faqat xorijiy tilda tushuntirilgan, o‘zbek yoki rus tilida axborot berish so‘ralganda esa ekipaj a’zolari qo‘pol munosabatda bo‘lib, hatto yo‘lovchini bortdan tushirib yuborish bilan tahdid qilgan.

Mazkur holat bo‘yicha Transport vazirligiga so‘rov yuborilgan va natijada kompaniya xodimlariga chora ko‘rilgan.

Shuningdek, ekipaj a’zolari uchun xavfsizlik qoidalari, muloqot madaniyati va yo‘lovchilarga hurmat borasida treninglar tashkil etilgan.

Wizz Air 2025-yildan boshlab O‘zbekistonga uchuvchi har bir samolyotida o‘zbek tilida xizmat ko‘rsatuvchi ekipaj a’zolari bo‘lishini ma’lum qildi.

#Wizz Air#o'zbek tili

Eng ko'p o'qilgan