13-mart kuni Farg'ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investor Yuan Yanpin boshchiligidagi delegatsiya a’zolarini qabul qildi.
Uchrashuvda Quvasoy shahridagi sanoat zonasida umimiy loyiha qiymati 100 mln dollar bo‘lgan, birinchi bosqichda 30 mln dollar sarflanishi ko‘zda tutilgan traktorlar ishlab chiqarish loyihasini boshlash masalasi muhokama qilindi.
Xitoylik hamkorlar bilan Farg‘ona traktor ishlab chiqarish korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. 2025-yilning yakuniga qadar “Tulpor” milliy brendi asosida bir nechta rusumdagi traktorlar ishlab chiqariladi.
Korxona tom qismiga 2 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega quyosh panellari o‘rnatiladi. Bu orqali korxona o‘zini-o'zi elektr bilan ta’minlaydi.
Birinchi bosqichda traktorlar ishlab chiqaruvchi zavod quriladi va keyingi bosqichda butlovchi qismlar tayyorlash va texnik xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Bu orqali 250 ta ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mahsulot sifatini yaxshilash maqsadida Smart texnologiyalardan foydalaniladi.