Soliq keshbeki 2 foiz etib belgilanishi mumkin

03.04.2025 10:34

15

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda oshirilgan keshbekning biznesni qonuniylashtirishga ehtimoliy ta’sirini tahlil qilmoqda. Tahlil natijalaridan kelib chiqqan holda soliq keshbeki 2 foiz miqdorida qaytarilishi mumkin. Ma’lumot uchun, 2024-yilda o‘zbekistonliklarga 1 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘langan.

Foto: Soliq qo'mitasi

O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi biznesni qonuniylashtirishda soliq keshbekini oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda 1-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazirlik raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, soliq xizmatlari naqd pulsiz to‘lovlardan foydalanishni faol rag‘batlantirmoqda va yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga intilmoqda.

“Hozirda davlat byudjetiga tushayotgan soliqlarning uchdan bir qismi bizning to‘lov tizimlarimiz (shaxsiy kabinet, mobil ilova va sayt) orqali to‘lanmoqda. Maqsadimiz - bu ko‘rsatkichni 60−70 foizga yetkazish," - dedi Mirzayev.

2024-yil oktyabr oyidan boshlab mamlakatda umumiy ovqatlanish korxonalari, mehmonxonalar va turoperatorlar uchun QQSning bir qismini qaytarish mexanizmi joriy etilgandi

Bunda, keshbek miqdori naqd pulsiz to‘lovlarning aylanmadagi ulushiga qarab 20 foizdan 40 foizgacha bo‘ladi.

Ushbu chora muvaffaqiyatli bo‘lsa, hokimiyat boshqa sohalar uchun ham soliq keshbekini hozirgi 1 foizdan 2 foizga oshirishga tayyorligi ma'lum qilindi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda oshirilgan keshbekning biznesni qonuniylashtirishga ehtimoliy ta’sirini tahlil qilmoqda. Agar u ijobiy bo‘lsa, hukumatga tegishli taklif kiritiladi.

Avvalroq, prezident qarori loyihasida naqd pul bilan to‘langanda fiskal cheklar uchun soliq keshbekini bekor qilish va naqd pulsiz hisob-kitoblarda uni 2 foizgacha oshirish taklif qilingandi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil uchun o‘zbekistonliklarga 1 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘landi. Eng ko‘p keshbekni Toshkent shahri iste’molchilari olgan. Bunda, ularning qiymati 412,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ro‘yxatga olingan fiskal cheklarning umumiy soni esa 1 mlrd dona bo‘lgan.

Shuningdek, 2025-yilning yanvar va fevral oylarida iste’molchilarga 234,9 mln dona chek uchun 179.6 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan.

#soliq#keshbek#mubin mirzayev

Eng ko'p o'qilgan