2025-yilning 9-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda 2024-yilda ilk bor O‘zbekistonga tashrif buyurgan turistlar soni 10 mlndan oshgani e’tirof etildi. Bu ko‘rsatkichni 2025-yilda 50 foizga oshirib, bu boradagi eksportni 4 mlrd dollarga yetkazish belgilandi.
Shuningdek, joriy yilning 1-choragida O‘zbekistonga 8,6 mlrd dollar investitsiya kelgani aytildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish davomida turizm sohasiga oid bir qancha o‘zgarish va yangiliklar ma’lum qilindi.
Quyida yig‘ilish davomida aytilgan ayrim o‘zgarish va yangiliklar keltirilgan:
- O‘zbekistonda kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamg‘armasidan 10 mln so‘mgacha subsidiya ajratish;
- 14 ta yangi zamonaviy Airbus samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olish;
- 12 ta Boeing samolyotlarini xarid qilish;
- Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Kuvayt hamda Ummon davlatlarining fuqarolari uchun 10 kunlik vizasiz rejimni 30 kunga uzaytirish;
- Hindiston, Pokiston, Misr va Eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish;
- Ichki turizmni rivojlantirish uchun har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilish;
- Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 mlrd so‘m ajratish;
- Respublikaning barcha tarixiy obidalariga kirish imkonini beradigan “yagona turistik karta” joriy qilish;
- Qo‘shimcha 375 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- Andijon, Jizzax, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatida bittadan, Qashqadaryoda ikkita va Buxoroda uchta turizm qishlog‘ini tashkil qilish;
- Banklar bilan birgalikda 6 mlrd dollar resurs jalb qilish;
Bundan tashqari, yig‘ilishda 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOga qo‘yilishi hamda 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi aytildi.
Mazkur o‘zgarish va yangiliklar Prezident nutqida aytilgan bo‘lib, bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.