1000KITOB loyihasi bosmaxonalar uchun qariyb 1,5 mlrd so'mlik tender e'lon qildi

10.04.2025 11:04

8

1000KITOB loyihasi 27 nomdagi kitobning har birini 3 ming nusxada chop etish uchun bosmaxonalarga 1,46 mlrd so‘mlik tender e’lon qildi. Mazkur tenderda qatnashmoqchi bo‘lgan nashriyotlar nashriyot sohasida 3 yillik tajribaga ega bo‘lishi hamda kitoblarni 45 kun ichida bosib, yetkazib berishi lozim ekanligi ta’kidlangan.

Yoshlar ishlari agentligi "Yoshlar uchun 1000KITOB" loyihasi doirasida nashrga tayyorlangan kitoblarni chop etish bo‘yicha bosmaxonalar uchun tender e’lon qildi.

Ushbu tenderga loyiha doirasida 2024-yilda nashrga tayyorlangan 50 ta kitobdan 27 tasi kiritilgan. Kitoblar ro‘yxati va har biri uchun belgilangan narxlarni mazkur havola orqali ko‘rib chiqish mumkin.

Tenderning umumiy qiymati 1,46 milliard so‘mni tashkil etadi. Bunda har bir kitobdan 3 ming nusxa chop etiladi. 

Tenderda O‘zbekiston hududida joylashgan, so‘nggi 3 yil davomida nashr sohasida faoliyat yuritgan va tegishli texnik talablarga muvofiq ravishda ilgari kitob chop etgan bosmaxonalar ishtirok etishlari mumkin.

"Bosmaxona tanlovda g‘olib bo‘lgan taqdirda, buyurtmachi vakillariga kitoblarni chop etish jarayonini bevosita joyida kuzatishlari uchun sharoit yaratib berishi lozim" — deyiladi 1000KITOB" loyihasi e’lon qilgan xabarda.

Tender g‘olibi bilan shartnoma imzolangach, bosmaxona kitoblarni 45 kun ichida chop etib, yetkazib berishi kerakligi aytilgan.

Bosmaxona tomonidan yetkazib berilgan tayyor kitoblar butun O‘zbekistondagi axborot-kutubxona markazlari va ta’lim muassasalariga bepul tarqatilishi aytilmoqda.

#KITOB#1000KITOB#tender#nashriyot

Eng ko'p o'qilgan