O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatlarga sayohat qilmoqda?

11.04.2025 11:54

14

2025-yilning yanvar va fevral oylarida 1 mln 32 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 182,4 ming nafarga yoki 21,4 foizga ko‘paygan. Eng ko‘p tashrif buyurilgan mamlakat Qirg‘iziston bo‘lgan. Barcha safarlarning taxminan 80 foizi qarindoshlarni yo‘qlash uchun amalga oshirilgan.

Foto: dubai.pn.ru

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar va fevral oylarida jami 1 mln 32 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan.

Bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 182,4 ming nafarga yoki 21,4 foizga ortgan.

Ushbu davrda O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p quyidagi davlatlarga tashrif buyurgan:

  • Qirg‘iziston Respublikasi – 422 572 nafar;
  • Tojikiston – 193 348 nafar;
  • Qozog‘iston – 154 716 nafar;
  • Saudiya Arabistoni – 81 173 nafar;
  • Rossiya – 48 029 nafar;
  • Turkiya – 33 039 nafar;
  • BAA – 31 787 nafar;
  • Misr – 11 078 nafar;
  • Tailand – 10 803 nafar;
  • Vetnam – 7 876 nafar;
  • Boshqa davlatlar – 37 740 nafar.

Sayohat qiluvchilar safar maqsadlariga ko‘ra quyidagicha taqsimlangan:

  • qarindoshlarni ziyorat qilish - 795 461 nafar;
  • sayyohlik - 220 771 nafar;
  • davolanish - 8 720 nafar;
  • ta’lim olish - 5 191 nafar;
  • xizmat safari - 2 018 nafar.

BAAga tashrif buyuruvchi o‘zbekistonliklar soni 2024-yilning mos davriga nisbatan 5,6 ming nafarga yoki 21,4 foizga ko‘paygan. Ularning 86 foizi sayyohlardan iborat bo‘lgan.

Foto: Pinterest

Turkiyada esa bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 9,5 ming nafarga yoki 40,6 foizga oshgan. Ulardan 24 ming 366 nafari sayohat maqsadida borgan. Qarindoshlarini ziyorat qiluvchilar soni esa 7,5 mingtani tashkil etgan.

Foto: Shutterstock.com

Shuningdek, Vetnamga ham sayohat qiluvchi o‘zbekistonliklar soni ortib bormoqda. Bunda ular 2024-yilning yanvar va fevral oylariga nisbatan 5,8 mingtaga yoki 3,8 barobarga oshgan. Ularning 90 foizdan ortig‘i sayyohlik maqsadida tashrif buyurgan.

Foto: travelata.ru

Tailandga ham boruvchilar soni ko‘paygan. Bu raqam 2024-yilning mos davri bilan solishtirganda 6,1 ming nafarga yoki 2,3 barobarga oshgan. Ularning 88 foizi sayyohlik maqsadida kelgan. E’tiborli jihati shundaki, Tailandga qarindoshlarini yo‘qlash uchun borgan o‘zbekistonliklar soni 1 ming 220 nafarga yetgan.

Foto: Tailand, Krabi.

Ma’lumot uchun, 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan o‘zbekistonliklar 5,7 mln nafarni tashkil qilgandi.

#safar#o'zbekistonliklar#chet el

Eng ko'p o'qilgan