O‘zbekistonda oltin quyma narxlari rekord qayd etdi

16.04.2025 11:37

19

17-aprel kuni O‘zbekistonda 5 grammlik oltin quymasining narxi 7 mln 211 mingga yetdi. Bunga ko'ra, 1 gr oltin quyma narxi 1 mln 442 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu oltin narxining aprel boshidan buyon 8 foizga, yil boshidan beri 27 foizga, o‘tgan yilga nisbatan esa 44 foizga oshganligini ko‘rsatadi.

Foto: voxmarkets.co.uk

O‘zbekiston banklarida sotilayotgan oltin quyma narxlari oshishda davom etmoqda. Xususan, 2025-yilning 17-aprel sanasi uchun 5 gr oltin quyma narxi 7 mln 211 ming so‘mni tashkil etadi. Shundan ko‘rinadiki, 1 gr oltin quyma narxi 1 mln 442 ming so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu oltin tarixidagi rekord narx hisoblanadi.

17-aprel uchun oltin quyma narxlari. Manba: Markaziy bank

Aprel oyining boshida oltin quyma narxi 1 gr uchun 1 mln 334 ming so‘mni tashkil etayotgandi. Bundan aprel oyining boshidan buyon 1 gr oltin narxi 108 ming so‘mga yoki 8 foizga qimmatlaganini ko‘rish mumkin.

Agarda buni yil boshiga ko‘ra solishtirsak, 1 gr oltin quyma narxi 310 ming so‘mga yoki 27,4 foizga qimmatlagan hisoblanadi.

2024-yilning 17-aprel sanasida 1 gr oltin quyma narxi 1 mln 2 ming so‘m edi. Oradan bir yil o‘tib bu narx 440 ming so‘mga yoki 44 foizga qimmatladi.

Ma’lumot uchun, hozirgi kunda banklardagi omonatning yillik stavkasi 23 foizni tashkil etmoqda

Shunday qilib, so‘nggi bir yil ichida oltin jamg‘arganlar 44 foiz foyda ko‘rdi.

Oltin faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda qimmatlamoqda. Xususan, Goldman Sachs tahlilchilari 2025-yil oxirigacha oltinning 1 troy unsiyasining narxi 3 ming 300 dollarga yetishini taxmin qilayotgandi. Biroq, dunyoda yuz berayotgan savdo urushlari sababli, 3 ming 300 dollarlik taxmin 3 ming 700 dollarga o‘zgartirildi.

Ma'lumot uchun, troy unsiya bu oltin, kumush va boshqa qimmatbaho metallarning og‘irligini o‘lchashda ishlatiladigan xalqaro birlik hisoblanadi. Bunda 1 troy unsiya = 31,1035 grammga tengdir. Shuningdek, Trading Economics sayti orqali jahon bozoridagi oltin narxlarini kuzatib borish mumkin.

Ushbu havolada O‘zbekistonda oltin quymalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi shoxobchalar ro‘yxati keltirilgan.

#oltin#oltin narxlari#rekord#gold#Goldman Sachs

Eng ko'p o'qilgan