2024-yilda O’zbekistondagi ovqatlanish korxonalari savdosida mo’jiza yuz berdimi?

17.04.2025 12:33

99

Statistika qo’mitasining ma’lumotlariga ko’ra, 2023-yilda O’zbekistonda faoliyat yurituvchi ovqatlanish korxonalarining savdo hajmi 16 trln so’mni tashkil qilgan, ammo 2024-yilning sentyabr oyidan dekabrigacha savdo hajmi 10 karra oshib ketgani qayd etilgan. Foizlardagi o'sish sur'atlarida esa bu aks etmagan. Bu yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashning mo’jizaviy natijasimi yoki statistik katta xatolik? Shu haqida batafsil to'xtaldik.

Statistika qo’mitasi ovqatlanish korxonalari savdosi bo'yicha oylik hajmga oid ma'lumotlarni hamda foizlarda o'sish sur'atlarini taqdim etadi. Oyma oy ma’lumotlarni taqdim etilganda, bu sonlar odatda ma'lum oy holatini aks ettiradi. Biroq, ba'zida bu o'zgarib turadi. Masalan, ovqatlanish korxonalar 2023-yilning mart oyida 2,7 trln so’mlik savdo hajmi qayd etgani ko'rsatilgan. Bu ko'rsatkich martni o’zini emas, balki yanvar-mart oylarini aks ettiradi.



Bu ko’rsatkichda aynan shunday hisob-kitob amalga oshirilishini Statqo’m 2025-yil yanvar-fevral oylaridagi savdo hajmini 2024-yilning shu davri bilan taqqoslagan xabaridan ham bilib olish mumkin. Xususan, 2025-yilning yanvar-fevral oylarida ovqatlanish korxonalari savdosi 26,5 trln so'mga yetgani aytilmoqda. Lekin, oyma oy ma'lumotlarga qarasak, fevral oyining o'zida 26,5 trln so'mlik savdo bo'lgani aytilmoqda. Yanvar oyida 11,6 trln so'mlik savdo amalga oshirilgani ma'lum qilingan. Ikkala oyni qo'shsak, 38,1 trln so'm chiqishi kerak. Lekin, ikki oy bo'yicha hisobotda 26,5 trln deb yozilgan. Ikki oyniki birga 26,5 deb tasavvur qilamiz.

Endi 2024-yil fevral oyi ma’lumotlarining aniqliligi masalasida ham savollar paydo bo’ladi. Yuqoridagi grafikda 2024-yil yanvar-fevral oylarida ovqatlanish xizmatidagi savdo hajmi 21 trln so’mni tashkil qilganini ko’rishingiz mumkin, ammo oradan bir oy o’tib, mart oyida savdo hajmi 3,6 trln so’mgacha tushib ketmoqda. Bozorda inqiroz kuzatildimikin yoki Statqo’m raqamlarni keltirishda adashdimikin? Yana bir variantni o'ylashni xohlamaydi kishi.

Endi 2024-yil sentyabr oyiga e’tibor qarating, bu oyda respublika bo’yicha ovqatlanish xizmatidagi savdo hajmi 1000%ga oshib ketgan. Ya'ni 2024-yil avgust oyida 12 trln so'm savdo bo'lgan. Sentyabrga kelib esa bu 120,7 trln so'm bo'lgani qayd etilgan. Yanvardan avgustgacha oylarning yig'indisi deb qarash uchun ham bu son to'g'ri kelmaydi. Statistika xodimi vergulni noto’g’ri qo’yib yubordimikin? Lekin o'sish tendensiyasi 2024-yil dekabriga qadar davom etyapti va dekabrda savdo hajmi 182,9 trln so'mga yetgani ma'lum qilinyapti. Qaysidir katta o'yinchilarning ulushi qo'shilgan bo'lishi mumkin. Lekin unda nega 2025-yil boshiga kelib savdo hajmi yana 11,5 trln so'mga tushib qoldi? O'zbekistonliklar ovqatlanishni kamaytirdimi?

Ko'rsatkichlar shunday o'zgargandir deylik. Unda yana savol tug'iladi, Statqo'mning sohadagi savdo hajmi bo'yicha foizlardagi o’sish sur’atiga oid ma'lumotlari nisbatan stabillikni ko’rsatmoqda-ku! 



Ushbu ma’lumotga ko’ra, 2024-yil sentyabr oyida ovqatlanish korxonalaridagi savdo hajmi 9,2 foizga oshgan. 1000 foizlik o'sish qayd etilmagan.

Shunday qilib, xatolik sohadagi savdo hajmi statistikasidami yoki foizdagi o'sishidami, balki ikkalasida hamdir? 

Qizig’i 2024-yil yakunlari bo'yicha ovqatlanish korxonalari savdosi hajmi bo'yicha qo’mitaning na saytida, na ijtimoiy tarmoqlarida biror bir umumiylashtirilgan xabarni yoki ma'lumotni topishning imkoni bo’lmadi. Ammo, 2023-yil yakunlari va 2025-yilning ilk ikki oyi bo’yicha ma’lumotlar chiqarilgan. Faqat Statqo'mning viloyat boshqarmalari xabarlarida 2024-yil bo'yicha uchratish mumkin.

Farg'ona viloyati statistika boshqarmasi 2024-yil yanvar-sentyabr oyi bo'yicha bergan ma'lumotlarida, viloyatda ushbu sohadagi korxonalar savdo hajmi 12,3 trln so'mga yetgani qayd etilgan, bu umumiy statistikaga ham to'g'ri keladi. Toshkent shahar boshqarmasi butun 2024-yilda poytaxtda ovqatlanish korxonalari savdosi 27,6 trln so'mga yetganini tasdiqlagan.

Ammo ularning ma'lumotlarida ham tushunarsizliklar bor. Misol uchun, Farg'ona viloyati boshqarmasi 2024-yil sentyabrdagi savdo hajmi 2023-yilning shu davriga nisbatan 1,3% ga oshganini qayd etgan, ammo 2023-yilning bu davrida viloyatda ko'rsatkich 417 mlrd so'm bo'lgan, 12 trln emas.



Ovqatlanish korxonalari savdo hajmining hududlar kesimidagi hajmida poytaxt liderlik qilmoqda.2024-yildagi mo’jizalarni hisobga olmasa, 2025-yilning 2 oyida boshqa viloyatlarda ham bu sohada xizmatlar ancha rivojlanganini ko’rish mumkin.

Shunday qilib, bu mo’jizani turlicha sharhlash mumkin, eng yaxshi yechim albatta qo’mitaning o’zi bilan bog’lanish, ammo afsuski Tanga.uz nashri ushbu ma’lumotga mas’ul mutasaddi bilan bog’lana olmadi.

Bu keskin o’sish haqiqat va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurash natijasi ekanligiga astoydil ishonishni istaymiz, ammo hozircha bu ma’lumotga shubhalarni orttiruvchi faktorlar ko’pdir. Statistika qo'mitasi ushbu ma'lumotlarga oydinlik kiritishi mamlakat ovqatlanish korxonalari savdosini yanada oydinlashishiga xizmat qilgan bo'lardi.



#ovqatlanish#iqtisod#iqtisodiyot#O'zbekiston#osh#ovqatlanish xizmati#statistika#statistika agentligi#infografika

Eng ko'p o'qilgan