Burger King 2-3 oy ichida O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlashi kutilmoqda. Bu haqda 18-aprel kuni Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorlik yig‘ilishida Shuhrat Ergashev ma’lum qildi.
Shuhrat Ergashev. Foto: Prezident matbuot xizmati
"..Biz O‘zbekiston bozori uchun litsenziya oldik. Bizda 2-3 oy ichida Burger King nomli korxonalar ochiladi. Bu nafaqat Toshkentda bo‘ladi, balki ular bizga markaziy ofisni Toshkentda ochib, butun Markaziy Osiyo uchun litsenziya berishni taklif qilishdi", — dedi tadbirkor.
Bir qancha ommaviy axborot vositalari Shuhrat Ergashevni International Beverages Tashkent korxonasining ta’sischisi deb yozishmoqda. Bu kompaniya O‘zbekistonda Pepsi, Mirinda, Mountain Dew, 7Up, Adrenaline Rush va Lipton ichimliklarini ishlab chiqaradi.
Statistika qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, International Beverages Tashkent korxonasining 99,9% ulushiga Holton Enterprise LTD, 0,1 foiziga esa Holten Group egalik qiladi. Holten Group 2025-yilning mart oyida Qozog‘istondagi Burger King kompaniyasining eksklyuziv franshizasini ham sotib oldi.
Foto: stat.uz
Eslatib o'tamiz, avvalroq 2021-yilning 29-oktyabr sanasida Burger King HeadHunter platformasida kassirlarni ishga olish bo‘yicha e’lon joylashtirgandi. Unda restoranlarning joylashuvi sifatida Bobur bog‘i, Ekobozor yonidagi Atlas majmuasi hamda Chilonzor 25-mavzesi ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, Burger King‘ning birinchi restoranlari yuqorida aytilgan manzillarda ochilish ehtimoli yuqori hisoblanadi.
Burger King — McDonald’s’dan keyin dunyodagi ikkinchi eng yirik tez ovqatlanish tarmog‘i bo‘lib, kuniga 11 mlndan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatadi.