HUMO to'lov tizimining sobiq rahbari Shuxratbek Kurbanov LinkedIn sahifasida O'zbekistonda fintex tarixi haqida post qoldirdi. Tanga.uz ushbu postni o'zbek tilida taqdim etadi.
"O‘zbekistondagi fintek tarixi - bu kimningdir sharofati bilan emas, balki barcha to‘siqlarga qarshi kurashib rivojlanish tarixidir.
2011-2012-yillarni tasavvur qiling, o‘shanda qanday onlayn xizmatlar paydo bo‘lishi mumkin edi? Hamma joyda Paynet bor edi, lekin u bugungi kunda biz biladigan Paynet emas edi - bu naqd pulingizni telefon va kommunal to‘lovlarga aylantiradigan agentlik shoxobchalari edi. Bank kartalari o‘sha paytda "la'natlangandi", chunki ular bilan to‘lasa bo'ladigan joylar kam edi, bankomatlarda naqd pul umuman yo‘q edi, kartangizdagi pulni cho‘ntagingizdagi naqd pulga aylantirish uchun summaning "bor yo'g'i" 20-30% evaziga aylantirish mumkin edi.
Hech qanday tartibga soluvchi hujjatlar yo‘q edi, faqatgina "To‘lov agentlik tarmog‘i orqali jismoniy shaxslarning to‘lovlarini qabul qilish tartibi to‘g‘risida"gi Nizom esa rivojlanishga yordam berish o‘rniga, aksincha, barcha ishtirokchilarni yo‘q qilish va bozorda monopoliya yaratishga qaratilgan edi.
O‘ylaymanki, hamma ham "yuridik shaxsni bosh agent sifatida ro‘yxatdan o‘tkazganlik uchun eng kam ish haqining 140 ming baravari miqdorida to‘lov olinishi"ni eslab qolmagan. Ya’ni to‘lovlarni qabul qilishni boshlash uchun siz 140 ming MHEKM boj to‘lashingiz kerak edi - bugungi mezonlar bo‘yicha bu 161 mlrd so‘mdan ortiq! Agar bu cheklov bo‘lmaganida, qanchalik uzoqqa borishimiz mumkinligini tasavvur qilishdan ham qo‘rqaman.
2011/12-yillarda Click va Payme paydo bo‘ldi. Ular o'zlarining ajoyib jamoasi tufayli mavjud qonunchilik sharoitida biz uchun hozir odatiy bo‘lgan to‘lov xizmatlarini o‘ylab topish, joriy etish va ko‘rsatishni uddalashdi.
Ularning litsenzion aylanmalarni o‘z ichiga olgan banklar bilan tuzgan shartnomasi matni esimda. Hatto ularning muvaffaqiyatidan keyin ham ko‘p yillar davomida ko‘plab banklar uchun chakana savdo o‘zlarining asl farzandlari (korporativ biznes, kreditlash) fonida qoldiq tamoyili bo‘yicha rivojlanadigan o‘gay bola bo‘lib qoldi. Esimda, banklar to‘lov kompaniyalari bilan shartnomalarni imzolashni ham xohlashmasdi - shunchaki buning nima keragi borligini tushunishmasdi.
Faqat 2018-yilda "To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida"gi birinchi qonun paydo bo‘ldi, u hech bo‘lmaganda to‘lov tizimlari va to‘lov tashkilotlarining maqomini tartibga soldi. Bundan kelib chiqadiki, to‘lov tashkilotlari (2018-yilgacha bunday maqom hatto mavjud bo‘lmagan) yuridik jihatdan mavjud bo‘lmagan holda yashagan va rivojlangan.
Qonundagi asosiy narsa - endi to‘lov tizimi va to‘lov tashkilotini yaratish uchun Prezident Farmonlari va Qarorlari talab qilinmaydigan bo‘ldi (UZCARD va HUMO Prezident qarorlari bilan yaratilgan edi). Markaziy bankka litsenziya olish uchun borish va ishlashni boshlash mumkin bo‘ldi, o‘nlab to‘lov tashkilotlari shunday qilishdi ham.
Men uchun eng muhimi shunda ediki, qonun yaratilgan narsaga zarar yetkazmaslik, buzmaslik tamoyilidan kelib chiqib yozildi. Fintexning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u yerda deyarli har doim tartibga solish kechikadi.
Amaldorlar va qonun ijodkorlari g‘oyalarni yaratuvchi va ularni muvaffaqiyatli startaplarga aylantiruvchi odamlardan oldinda bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun ko‘pincha me’yoriy hujjatlar o‘zgarishlar yuz bergandan keyin yoziladi. 2018-yilgi qonunda ham, balki nimadir hisobga olinmagan, nimadir yozilmagan, nimadir ko‘zda tutilmagan bo‘lishi mumkin, lekin o‘sha paytda mavjud bo‘lgan hech narsa buzilmadi.
Aslida, tartibga solish faqat bitta ishtirokchining emas, balki iste’molchining huquqlarini himoya qilish kerak bo‘lgan vaqtda kerak bo‘ladi, aks holda biz ilgari duch kelgan xatolarga yana duch kelamiz. Tartibga solishda asosiysi zarar yetkazmaslik, cheklamaslikdir.
Afsuski, davlat "iste’molchilar huquqlarini himoya qilish" bahonasi bilan cheklovlarni kuchaytirmoqchi ekanini tobora ko‘proq ko‘rmoqdamiz va hozir gap nafaqat fintex, balki elektron tijorat va umuman iqtisodiyot haqida ketmoqda.
Asosiysi, hozir ega bo‘lgan narsalarimizni osongina yo‘qotishimiz va "yaxshi tartibga solingan" ammo "mutlaqo rivojlanmagan" bozorni qaytarish mumkinligini unutmaslik kerak.
Xullas, ertalabdan siz bilan o‘z fikrlarimni baham ko‘rishga va yana bir bor hammasi qanday boshlanganini eslatishga qaror qildim", - deb yozdi Sh.Kurbanov.
Avvalroq, HUMO to'lov tizimini 5 yildan ortiq boshqargan Shuxratbek Kurbanov lavozimidan ozod etilgani va 7-martdan boshlab kompaniyaga Aleksey Maksimov rahbarlik qilishi ma'lum qilingandi.