Jamoat transportida harakatlanayotganlar eng ko‘p qaysi bank kartalari orqali to‘lov qilmoqda?

23.04.2025 14:10

17

2020-yilda jamoat transportida elektron to‘lovlar umumiy to‘lovlarning atigi 5 foizini tashkil etgandi. 2025-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 99 foizga yetdi. Bank kartalari bilan to‘lovlar 2020-yilda bor-yo‘g‘i 0,3 foizni tashkil etgandi. 2025-yilga kelib esa bu ko‘rsatkich 49 foizga yetdi.

2025-yilning 15-aprel kuni ATTO kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan "5 yil birga" nomli birinchi tarmoq konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda qiziqarli statistik ma’lumotlar taqdim etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020-yili Toshkent shahrida jamoat transporti uchun naqdsiz to‘lov 5 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 99 foizga yetgan.

Infografika: atto.uz

Poytaxt avtobus va metrosida to‘lov turlari

Infografika: atto.uz

O‘tgan yili poytaxtda kuniga o‘rtacha 1,1 mln yo‘lovchi jamoat transportidan foydalangan. Bir yil o‘tib bu ko‘rsatkich 1,4 mln nafarga yetdi. Albatta, bunday o‘sishni 2025-yil boshida avtobuslarda naqd pul qabul qilishning to‘xtatilishi bilan bog‘lash mumkin.

Hozirda avtobusdan foydalanayotgan yo‘lovchilarning atiga 0,3 foizi QR-kodli chipta orqali harakatlanmoqda. Qolgan 99,7 foizi esa allaqachon bank kartalari, ATTO hamda onlayn to‘lovlar orqali to‘lamoqda.

Avtobuslarda naqd pulning bekor qilinishi, shubhasiz metroga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Hozirda metrodan foydalanayotgan yo‘lovchilarning atiga 12 foizi QR-kodli chipta orqali to‘lov qilmoqda.

Toshkent shahrida yo‘l kira haqini to‘lashda eng ko‘p qaysi bank kartalaridan foydalanilmoqda?

Infografika: atto.uz

Jamoat transportining eng katta ulushi shubhasiz Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumot uchun, hozirda Toshkent shahrida 93 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, ularda qariyb 564 ming nafar talaba tahsil olmoqda. Shubhasiz ularning katta qismi jamoat transportidan deyarli har kuni foydalanadi.

Ipoteka-bank buni inobatga olib talabalar uchun maxsus karta ishlab chiqqan. U nafaqat oddiy bank kartasi, balki ATTO transport kartasi hamda talaba identifikatsiya kartasi hamdir.

Shu sababli jamoat transporti uchun to‘lov qilishda eng ko‘p Ipoteka-bank kartalaridan foydalanilgan. Bunda uning ulushi 17,8 foizni tashkil etgan.

Keyingi o‘rinda esa Ipak Yo‘li bank kartasi bo‘lib, uning ulushi 12,5 foizni tashkil etgan. Ma’lumot uchun, ushbu karta bilan jamoat transporti uchun to‘lov qilganda 990 so‘m yechiladi. 

Hududlarda bank kartalaridan foydalanish statistikasi

Infografika: atto.uz

Jamoat transporti Toshkent shahridan tashqari viloyat markazlarida ham mavjuddir. 12 ta hudud markaziga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 5 ta hududda eng ko‘p Xalq Banki kartalaridan foydalanilgan.

Buni nafaqa va boshqa ko‘plab davlat tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar aynan shu bank kartalariga tushishi bilan bog‘lash mumkin.

Barcha hududlarga e’tibor bersak, Ipoteka-bank kartalari ham ko‘zga tashlanadi. Shuningdek, hududlarda Ipak Yo‘li banki kartalaridan ham ko‘p foydalanilgan.

Mobil QR-kodlar orqali to‘lov 

Infografika: atto.uz

Mobil QR-kodlarning avtobus hamda metrodagi ulushi mos ravishda 4,8 va 8,8 foizni tashkil etmoqda. Ushbu to‘lov turi karta yoki naqd pul unutib qoldirilganda ko‘pincha qo‘l keladi.

Mobil QR-kodlar orqali to‘lovlarda Uzum Bank yetakchilik qilmoqda. Uzum Bank 650 so‘m keshbek taqdim etishi hisobiga ushbu to‘lov turida 52 foizlik ulushni egallagan.

Keyingi o‘rinni 31,6 foiz bilan Click ilovasi band qilgan. Agar Click ham QR-kod orqali metroda to‘lov qilish imkoniyatini yaratsa, bu ulush shubhasiz ortishi mumkin.

Yo‘lovchilar transport kartalarini qaysi mobil ilovalar orqali to‘ldirmoqda?

Infografika: atto.uz

Hozirda ATTO transport kartalari orqali metroda kunlik yo‘lovchilarning 35,2 foizi, avtobusda esa 44,5 foizi foydalanmoqda.

Ma’lumot uchun, ATTO transport kartalari mobil ilovalar, infokiosklar va metro kassalari orqali to‘ldiriladi. Bunda mobil ilovalar orqali to‘layotganlar 76 foizni tashkil etmoqda. Demak, bank kartasi bo‘la turib ham ATTO‘dan foydalanayotganlar ko‘pchilikni tashkil etar ekan.

ATTO kartasini to‘ldirishda eng ko‘p Payme ilovasidan foydalanilmoqda. Bunda uning ulushi 27,7 foizni tashkil etgan.

Keyingi o‘rinda ATTO‘ning o‘z ilovasi bormoqda. Bunda uning ulushi 22,7 foizni tashkil qilgan. Shuningdek, Click hamda Paynet ilovalaridan ham ko'p foydalanilgan.

#atto#payme#paynet#click#metro avtobus#jamoat transporti

Eng ko'p o'qilgan