Davlat xaridlari portalida e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, 2025-yil mart oyida davlat tashkilotlari tomonidan avtomobillar sotib olish uchun umumiy hisobda 22 mlrd so'm sarflandi.
Eng ko'p avtomashina "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ tomonidan sotib olindi. Ushbu tashkilot umumiy narxi 4,1 mlrd so'm bo'lgan 36 ta Damas va 2 ta Captiva sotib olgan.
Eng qimmat avtomashinani Bosh prokuratura sotib oldi. 1,1 mlrd so'mlik Tahoe-2'ni xarid qilgan ushbu tashkilot 1,4 mlrdga 4 ta BYD elektromobillarini ham sotib olgan. Yengil avtomobillarga xarajatlarning yirikligi bo'yicha liderlar orasida SQB ham bor. Bank amalga oshirgan 8 ta Damas xarididan katta ehtimol bilan plastik kartalarni tarqatish maqsad qilingan. Bundan tashqari, SQB 211 mln so'mga Onix Turbo-2 ham sotib olgan.
Mart oyida xarid qilingan avtomashinalar orasida 650 mln so'mlik Traverse Premier ham bor. Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu avtomashinaga "HUDUDGAZTA`MINOT" AJ, Jizzax va Qashqadaryo viloyat hokimligida zaruriyat tug'ilgan.
Mart oyida davlat tashkilotlari asosan Damas-2 avtomashinasini sotib olishdi. Keyingi o'rinlarda BYD, Malibu 2 va Onix mashinalarini ko'rish mumkin.
Avvalgi yillarda davlat tashkilotlari xaridlarida tez-tez uchrab turgan Lacetti avtomashinasiga mart oyida deyarli talab bo'lmadi. Bundan tashqari deyarli barcha viloyatlarda obodonlashtirish boshqarmalari keng miqyosda avtosamosval va chiqindi tashuvchi transportlarni ham sotib olishdi.
Quyida Tanga.uz nashri tomonidan tayyorlangan mart oyida avtomashina xarid qilgan davlat tashkilotlari, mashinalar modeli, soni va narxlarining jadvali bilan tanishib chiqishingiz mumkin.
Avvalroq, mart oyida ikkilamchi bozordagi avtomobillarning narxlari bo'yicha tahlil yozgandik. Ushbu tahlildagi narxlar bilan yuqoridagi narxlarni solishtirish mumkin.