Birinchi chorakda qancha mahalliy avtomobil sotildi?

25.04.2025 12:42

19

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi 7 ta korxona 2025-yilning dastlabki 3 oyida 89 ming 848 ta avtomobil ishlab chiqardi va ularning 84 foizi yoki 75 ming 353 tasi sotildi.

Foto: UzAuto

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hamda yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi 7 ta korxona tomonidan 2025-yilning dastlabki 3 oyida 89 ming 848 ta avtomobil ishlab chiqarildi. Ushbu ishlab chiqarilgan avtomobillarning 84 foizi yoki 75 ming 353 tasi sotildi.

Infografika: UzAuto

Quyida 1-chorakda sotilgan avtomobillarning oylar kesimida o‘sish ko‘rsatkichi keltirilgan:

  • yanvar — 22 147 dona (−19.2%)
  • fevral — 28 226 dona (+27.5%)
  • mart — 24 980 dona (−11.5%)

Infografika: tanga.uz

Infografika: UzAuto

Yuqoridagi diagrammaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, chorak davomida eng ko‘p sotilgan model Cobalt bo‘lgan. Bunda Cobalt yanvar-mart oylarida 32 208 dona ishlab chiqarilgan va ularning 90 foizi sotilgan.

Keyingi o‘rinda turgan Damas modelida esa bu ko‘rsatkich boshqacharoq bo‘ldi. Bunda Damas 22 409 dona ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ulardan 69 foizi sotilgan.

Damas’ga raqobatchi sifatida ko‘rilayotgan Wuling N111 modeli 3 oy ichida 65 ta sotildi.

Shuningdek, Onix modeli ushbu davr davomida 11 774 ta ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ularning 3 dan 1 qismi sotilgan.

19-o‘rinda borayotgan Malibu modeli 3 oy davomida 254 ta, undan keyingi o‘rinda esa 227 ta sotuv bilan Lacetti (Gentra) modeli joy oldi.

So‘nggi vaqtlarda KIA brendiga tegishli avtomobillar ham ko‘p sotilmoqda. KIA brendi shu yilning 1-choragida O‘zbekistonda eng ko‘p sotilgan avtomashina brendlari orasida 2-o‘rinda turibdi. 

3 oy ichida brendning mashhur modellaridan biri bo‘lgan KIA Sonet’ning o‘zi 3 922 ta sotilgan. Taqqoslash uchun, bu davrda mamlakatda ishlab chiqarilgan KIA avtomashinalarining umumiy soni 6 150 tani tashkil qilgan.

Eng ko'p sotilgan avtomobillarning TOP-5 tasiga egalik qiluvchi UzAuto Motors yanvar-mart oylarida sotilgan avtomobillar bozorining 82,5 foizini egalladi. Keyingi o‘rinda esa 11,4 foiz ulush bilan ADM Jizzakh bormoqda.

Ma’lumot uchun, Khorezm Auto zavodi UzAuto Motors zavodining filiali hisoblanadi. Keyingi o‘rinda borayotgan ADM Jizzakh ADM Global tarkibiga kiruvchi avtomobil zavodi bo‘lib, kompaniya asosan Kia, CHERY, HAVAL hamda Hyundai Truck brendlari bilan hamkorlik qiladi.

Shuningdek, 3 oy ichida 84 ta avtomobil sotgan SamAvto zavodi asosan ISUZU va MAN kabi og‘ir avtomobillar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Avvalroq, joriy yilning mart oyida ikkilamchi bozordagi avtomobillarning narxlari arzonlagani haqida yozgandik.



#cobalt#kia#kia sonet#chevrolet#uzauto motors

Eng ko'p o'qilgan