Mikroqarzlarning banklar kredit portfelidagi ulushi 25 foizgacha cheklanmoqda

29.04.2025 05:24
Markaziy bank 24-iyuldan boshlab kredit oluvchining qarz yuki ko‘rsatkichini 50 foiz etib belgiladi. Muddati o‘tgan kreditning kunlik penyasini esa 0,3 foizdan 0,25 foizga tushirmoqda. Bundan tashqari, mikroqarzlarning banklar kredit portfelidagi ulushi xuddi avtokreditlar kabi 25 foizgacha cheklanmoqda.

Foto: Podrobno.uz

2025-yilning 23-aprel kuni Markaziy bank makroprudensial vositalarini samarali qo‘llash va bank tizimining barqarorligini ta’minlashga qaratilgan bir qator o‘zgarishlarni e’lon qildi.

Unga ko‘ra, banklardan mikroqarz olayotgan shaxsning qarz yuki ko‘rsatkichi 50 foiz etib belgilandi. Buni soddaroq tushuntiradigan bo‘lsak, 5 mln so‘m oylik oladigan shaxsning oylik kredit to‘lovi 2,5 mln so‘mdan oshmasligi lozim.

Qarz yuki ko‘rsatkichiga doir talablar yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladigan kreditlar, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida beriladigan kreditlar hamda ta’lim kreditlariga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Shuningdek, iste’molchilar uchun yana bir yengillik yaratilmoqda. Endilikda kredit olgan shaxsning kredit muddati o‘tib ketgan taqdirda kunlik 0,3 foizlik penya 0,25 foizga tushirilmoqda.

Regulyator qarorida bank tomonidan qarz oluvchiga avtokredit bo‘yicha kreditning garovga nisbati ko‘rsatkichi 75 foizdan, ipoteka krediti bo‘yicha esa 80 foizdan oshmasligi kerakligi ta’kidlangan. 

Bu 100 mln so‘mlik avtomobilni kreditga olayotgan shaxsga banklar maksimal 75 mln so‘m kredit berishi mumkinligini anglatadi. Shuningdek, 1 mlrd so‘mlik uyni ipoteka kreditiga olayotgan shaxs bankdan ko‘pi bilan 800 mln so‘m kredit olishi mumkin. 

Iqtisodiyot va moliya vazirligining mablag‘lari hisobidan qayta moliyalashtiriladigan ipoteka krediti bo‘yicha kreditning garovga nisbati esa 85 foizdan oshmasligi belgilangan.

Mikromoliya va tijorat banklariga oid yangiliklar

Markaziy bank qaroriga ko‘ra, mikroqarzlarning banklar kredit portfelidagi ulushi, mikromoliya banklarini hisobga olmaganda, avtokreditlar kabi 25 foizgacha cheklandi.

Bundan tashqari, kredit kartalari bo‘yicha konsentratsiya koeffitsiyenti (overdraft) bank kredit portfeli umumiy summasining 25 foizi miqdorida belgilandi.

Markaziy bank yangi talablarga javob bermaydigan banklarga 2029-yil 1-yanvargacha muhlat berdi. Ular asta-sekin regulyator bilan kelishilgan muddatlarda kreditlar konsentratsiyasi ulushini kamaytirishi kerakligi aytilgan.

Markaziy bankning mazkur qarori 2025-yilning 24-iyul sanasidan boshlab kuchga kiradi.

#markaziy bank#avtokredit#kredit#mikroqarz#mikrokredit

Eng ko'p o'qilgan