Statistika qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2025-yilning dastlabki 3 oyi davomida o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln 796 ming so‘mni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foiz ko‘proqdir.
Manba: Statistika qo'mitasi
So‘nggi 5 yillikka nazar tashlasak, o‘rtacha oylik ish haqi 101,5 foizga o‘sganini ko‘ramiz. Biroq bu yerda inflatsiyani ham unutmaslik lozim.
2021-yilning 1-choragidagi o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln 876 ming so‘m bo‘lgan. Bu summaning iste’mol savatidagi qiymati esa 2025-yilning mart oyiga kelib 4 mln 225 ming so‘mni tashkil etmoqda.
Manba: Markaziy bank (inflatsiya kalkulyatori)
Shunday qilib, inflatsiyani hisobga olgan holda hisoblasak, so‘nggi 5 yil ichida o‘rtacha maosh 1 mln 571 ming so‘mga yoki 37 foizga o‘sgan bo‘lib chiqadi.
Hududlar bo‘yicha
Quyida yanvar-mart oylaridagi hududlar bo‘yicha oylik ish haqi hamda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish ko‘rsatkichi keltirilgan:
- Toshkent shahri – 9 889,1 ming so‘m (22,7%)
- Navoiy viloyati – 7 330,9 ming so‘m (12,6%)
- Toshkent viloyati – 5 435,6 ming so‘m (14,3%)
- Andijon viloyati – 4 874,5 ming so‘m (11,0%)
- Buxoro viloyati – 4 763,9 ming so‘m (18,5%)
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 4 672,1 ming so‘m (15,0%)
- Sirdaryo viloyati – 4 662,3 ming so‘m (18,5%)
- Xorazm viloyati – 4 580,2 ming so‘m (14,3%)
- Samarqand viloyati – 4 353,1 ming so‘m (17,6%)
- Jizzax viloyati – 4 370,1 ming so‘m (17,4%)
- Namangan viloyati – 4 276,9 ming so‘m (16,1%)
- Farg‘ona viloyati – 4 203,0 ming so‘m (13,7%)
- Surxondaryo viloyati – 4 209,1 ming so‘m (19,1%)
- Qashqadaryo viloyati – 4 079,8 ming so‘m (13,7%)
- O‘zbekiston Respublikasi – 5 796,1 ming so‘m (18,0%)
Yuqoridagi ma’lumotga e’tibor bersak, eng yuqori o‘sish ham, o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori ham Toshkent shahriga to‘g‘ri kelayotganini ko‘ramiz.
Eng past o‘rtacha oylik miqdorlari esa Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan.
Tumanlar bo‘yicha eng yuqori maosh Toshkent shahrining Mirobod tumaniga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yerda yanvar-mart oylarida o‘rtacha ish haqi 13,37 mln so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinda 12,29 mln o‘rtacha ish haqi bilan Yunusobod qayd etilgan.
Uchinchi hamda to‘rtinchi o‘rinni esa Toshkent shahrining tumanlari emas, balki Navoiy viloyatining Uchquduq va Zarafshon tumanlari egallagan. Bunda ularning o‘rtacha maoshi mos ravishda 11,1 mln hamda 10,5 mln so‘mni tashkil etgan.
To‘qqizinchi o‘ringacha Toshkent shahrining tumanlari egallagan bo‘lsa, o‘ninchi o‘rinni Jizzax viloyatining Konimex tumani band qilgan.
Eng past o‘rtacha oylik ish haqi esa Qashqadaryo viloyatining Kasbi (2,78 mln so‘m), Yakkabog‘ (2,86 mln so‘m) hamda Forish (2,9 mln so‘m) tumanlarida kuzatilgan.
Sohalar bo‘yicha
Manba: Statistika qo'mitasi
Yuqoridagi grafikka nazar tashlasak, sohalar bo'yicha o‘rtacha eng yuqori oylik maosh bank va sug‘urta sohasida ekanligini ko‘ramiz. Biroq yo'nalishlar bo'yicha eng yuqori o'rtacha maoshni axborot va aloqa sohasining kompyuter dasturlash yo‘nalishining vakillari olmoqda. Bunda uning o‘rtacha qiymati 20 mln 780 ming so‘mni tashkil qilgan.
Manba: Statistika qo'mitasi
Bank va sug‘urta sohasining moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish yo‘nalishidagi o‘rtacha maosh 2023-yildan buyon deyarli o‘zgarmagan. Shuningdek, axborot va aloqa sohasining ham axborot xizmatlarini ko‘rsatish yo‘nalishida so‘nggi 3 yil ichida deyarli o‘zgarish kuzatilmagan.
Manba: Statistika qo'mitasi
Eng oxirgi o‘rinlarda turgan ta’lim hamda sog‘liqni saqlash sohasida qiymat jihatidan katta o‘zgarish bo‘lmagan. Faqat oliy ta’limdagi o‘rtacha maosh so‘nggi 5 yilda deyarli 2 barobarga o‘sgan. Lekin ta’limning boshqa turlarida foiz jihatidan o‘sish kuzatilgan, biroq qiymat jihatidan sezilarli o‘zgarish bo‘lmagan.
Ta'lim sohasidagi so'nggi 5 yillik o'rtacha maoshlar. Manba: Statistika qo'mitasi
2021-yilning 1-choragida sog‘liqni saqlash sohasida o‘rtacha oylik ish haqi 2 mln 418 ming so‘mni tashkil etgandi. Oradan besh yil o‘tib bu ko‘rsatkich 3 mln 626 ming so‘mga yetdi. Bu yerda foiz jihatidan o‘sish bo‘lgan, biroq qiymat jihatidan 5 yilda atiga 1 mln 585 ming so‘mga ko‘paygan.
2025-yilning ilk 3 oyida savdo sohasida yuqori o‘sish kuzatilgan. Xususan, avtomobil va mototsikllarning ulgurji va chakana savdo yo‘nalishidagi o‘rtacha maosh so‘nggi 5 yil ichida 6 mln 7 ming so‘mga ko‘paygan.
Shuningdek, 2024-yili aynan savdo sohasidagi xodimlarga talab yuqori bo‘lgan. Bu haqda avvalroq yozgandik.
Statistika qo‘mitasi ushbu ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasidagi korxona va tashkilotlar tomonidan elektron shaklda taqdim etilgan ma’lumotlar asosida tayyorlagan.
Bu o‘rtacha maoshlar o‘z ichiga daromad solig‘ini olishini ham unutmaslik kerak. Bunda statistikada ko‘rsatilgan 6 mln so‘mdan soliqlarni ayirganda 5 mln so‘m qoladi.