Savdo sohasidagi korxonalarning tovar aylanmasi 3 oyda $13 mlrddan ko‘proq bo‘lgan

01.05.2025 07:43
Savdo sohasidagi korxonalarning yanvar-mart oylaridagi tovar aylanmasi 168,67 trln so‘mni (taxminan $13 mlrd) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,5 trln so‘mga yoki 20 foizga ko‘proqdir. Shuningdek, 3 oy davomida savdo sohasidagi korxonalar 8 trln 665 mlrd so‘m (taxminan $671 mln) soliq to‘ladi.
Savdo sohasidagi korxonalarning tovar aylanmasi 3 oyda $13 mlrddan ko‘proq bo‘lgan

Foto: dekor-klassik.ru

2025-yilning yanvar-mart oylarida savdo sohasidagi 139 ming 260 ta korxona jami 8 trln 665 mlrd so‘m (≈671 mln dollar) soliq to‘ladi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 trln 750 mlrd so‘mga (≈213 mln dollar) yoki 46 foizga ko‘proqdir.

Infografika: Soliq qo'mitasi

Chorak davomida savdo sohasidagi korxonalarning tovar aylanmasi 168,67 trln so‘mni (≈13 mlrd dollar) tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 28,5 trln so‘mga yoki 20 foizga ko‘proqdir. 

To‘langan soliqlarning 619 mlrd so‘mi TOP-20 korxonalar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 

O‘tgan yilning ilk 3 oyida eng ko‘p soliq to‘lagan "Universal Packing Masters" MChJ bu gal 19-o‘ringa tushdi. 

Ma’lumot uchun, "Universal Packing Masters" MChJ — muhandislik izlanishlari sohasidagi faoliyat va bu sohalarda texnik maslahatlar berish bilan shug‘illanuvchi kompaniya hisoblanadi. Mazkur kompaniyaning 50 foiz ulushi Turkiyalik tadbirkor Ozguven Ozgurga tegishlidir. Kompaniyaning qolgan 50 foizi esa Murod Nazarov hamda Umida Nazarova o‘rtasida teng taqsimlangan.

Aynan o‘tgan yili 2-o‘rinda borayotgan Korzinka kompaniyasiga egalik qiluvchi "Anglesey Food" MChJ joriy yilda 1-o‘rinda qayd etildi. Bunda kompaniya 3 oy davomida 83 mlrd so‘m soliq to‘lagan.

O‘tgan yili 6-o‘rinda qayd etilgan Uzum Market esa joriy yilning 1-choragida 72,4 mlrd so‘m soliq to‘lab, 2-o‘ringa ko‘tarildi.

2024-yilning dastlabki 3 oyida 60,5 mlrd so‘m soliq to‘lab 16-o‘rinda qayd etilgan BYD kompaniyasi bu galgi TOP-20 likda qayd etilmagan.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi infografikada nomi keltirilgan TOP-20 korxonalarning 10 tasi ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi korxonalar hisoblanadi.

Quyida o‘sha korxonalar va ularning faoliyat turlari keltirilgan:

  • "TOTAL OIL INVEST" MCHJ — yoqilg‘i, rudalar, metallar va kimyoviy moddalar ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati
  • "BALTON TRADING (ASIA)" MCHJ XK — oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan ichimliklar, va tamaki mahsulotlari ixtisoslashmagan ulgurji savdosi
  • "NESTLE FOOD" MCHJ XK — boshqa toifalarga kiritilmagan, tovarlarning alohida turlari yoki bir guruh tovarlar ulgurji savdosiga ixtisoslashgan agentlar faoliyati
  • "SAMSUNG ELECTRONICS UZBEKISTAN" MCHJ XK — elektron va telekommunikatsion uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji savdosi
  • "ADLER GROUP DISTRIBUTION" MCHJ — shakar, shokolad va shakarli qandolat mahsulotlari ulgurji savdosi
  • "LACTALIS CENTRAL ASIA" MCHJ XK — sut mahsulotlari, tuxum, ovqatga ishlatiladigan yog‘ va moylar ulgurji savdosi
  • "GREEN LINE TRADING" MCHJ — ixtisoslashmagan ulgurji savdo
  • "MEROS PHARM" MCHJ — farmatsevtika tovarlari ulgurji savdosi
  • "FUTURE AUTO WORK TRUCKS DISTRIBUTION" MCHJ — boshqa motorli transport vositalarining ulgurji savdosi
  • "GRAND PHARM TRADE" MCHJ — farmasevtika tovarlarining ulgurji savdosi

Mazkur ulgurji savdo bilan shug‘illanuvchi kompaniyalar orasida BALTON TRADING (ASIA), NESTLE FOOD hamda SAMSUNG ELECTRONICS UZBEKISTAN korxonalaridan tashqari barchasi o‘tgan yilning 1-choragida TOP-20 soliq to‘lovchi savdo sohasidagi korxonalar orasida qayd etilmagandi.

Yana bir muhim ma’lumot, chorak davomida jami savdo sohasidagi korxonalarga berilgan soliq imtiyozlari 947 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.


#korzinka#savdo sohasi#savdo#uzum market#nestle

Eng ko'p o'qilgan