O‘zbekiston Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi “YandexGo UB” MCHJga nisbatan rasmiy tekshiruv boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Tekshiruvga sabab “Uzum Market” MCHJ XK tomonidan taqdim etilgan rasmiy murojaat ekani aytildi.
Murojaatda keltirilishicha, “YandexGo UB” MCHJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali berilgan Yandex Market reklamasi “Uzum Market” MCHJ XK faoliyatiga nisbatan insofsiz raqobat elementlarini o‘z ichiga olgan. Jumladan, reklama mazmunida raqobatchining ishchanlik obro‘yiga putur yetkazilishi ehtimoli mavjudligi ta’kidlangan.
Mazkur holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Maxsus komissiya tomonidan “YandexGo UB” MCHJga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasi — insofsiz raqobatga yo‘l qo‘ymaslik talablari buzilishi alomatlari asosida ish qo‘zg‘atildi.
Hozirda ish bo‘yicha rasmiy tekshiruv jarayonlari olib borilmoqda. Raqobat qo‘mitasi ish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlarni e’lon qilishi kutilmoqda.
Raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikka ko‘ra, insofsiz raqobat deb raqobatchining obro‘yiga putur yetkazish, iste’molchilarni chalg‘itish yoki adolatsiz ustunlikka erishish orqali bozorda noqonuniy afzallik olish harakatlari tushuniladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, javobgar tashkilotga nisbatan jarima, faoliyatini cheklash yoki boshqa choralar ko‘rilishi mumkin.