MyTaxi taksi xizmati Korzinka kompaniyasini sudga berdi

31.07.2025 10:33
MyTaxi kompaniyasi Korzinka supermarketlar tarmog‘ini sudga berdi. Kompaniyalar o‘rtasidagi kelishmovchilikning sababi hozircha noma’lum.
MyTaxi taksi xizmati Korzinka kompaniyasini sudga berdi

Foto: Korzinka

MyTaxi kompaniyasi Korzinka supermarketlar tarmog‘ini sudga berdi. Bu haqda MyTaxi kompaniyasining asoschilaridan biri Akmal Paiziev xabar berdi

Ma’lum bo‘lishicha, bugun, 31-iyul kuni, MyTaxi va Workly kompaniyalari ta’sischilari kompaniya direktorlari hisobotlarini tinglash uchun yig‘ilish o‘tkazishgan. 

Yig‘ilishda MyTaxi kompaniyasi Korzinka supermarketlar tarmog‘ini sudga bergani ayon bo‘lgan. 

Ta’kidlanishicha, kompaniyalar o‘zaro kelishuv yo‘liga chiqolmagach, masalani sud orqali hal qilishga qaror qilishgan. 

Bunga nima sabab bo‘lgani hozircha noma’lum. Paiziev o‘z xabarida korporativ boshqaruvda kompaniya menejerlarining kompaniya manfaatlari uchun kurashayotgani yaxshi ekanligini ta’kidlagan. 

Ma’lumot uchun, Korzinka asoschisi Zafar Hoshimov MyTaxi va Workly kompaniyalarining ta’sischisilaridan biri hisoblanadi. 

Foto: Akmal Paiziev va Zafar Hoshimov

Korzinka kompaniyasiga qarashli deyarli barcha supermarketlarda xodimlarning ishga kelish va ketish vaqtlarini nazorat qiluvchi Workly tizimlari o‘rnatilgan. 

Korzinka supermarketlarida tungi smenada ishlovchi ayol xodimlarni uylariga yetkazib qo‘yish uchun kompaniya MyTaxi xizmatidan foydalanib kelgan. 

Biroq, 2024-yil kuziga kelib, Korzinka MyTaxi kompaniyasining asosiy raqobatchisi hisoblangan Yandex taksi xizmatidan foydalana boshlagan. 

Ehtimol, kompaniyalar o‘rtasidagi kelishmovchilik aynan shu holat bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Bundan roppa-rosa bir yil oldin Korzinka supermarketlar tarmog‘i Raqobat qo‘mitasi tomonidan moliyaviy jarimaga tortilgandi

Bunga aksiya doirasida e’lon qilingan arzon mahsulotlar narxi boshqa supermarket va dehqon bozorlaridagi narxlardan farq qilmagani sabab bo‘lgan. 

Shunda Korzinka bosh direktori Rud Pedersen: "Biz qoidalarga rioya qilishda sobitqadammiz va hech qanday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymadik deb hisoblaymiz", degandi.

#MyTaxi#korzinka#Zafar_Hoshimov#Akmal_Paiziev

Eng ko'p o'qilgan