2025-yilni O'zbekiston fintex bozori katta yangilik bilan boshladi. 13-yanvar kuni "Paynet" AJ HUMO to'lov tizimini 65 mln dollarga sotib olgani e'lon qilindi. Shundan so'ng, Paynet brendi ko'pchilikning diqqat e'tiborini yana tortishni boshladi. Tanga.uz mazkur kompaniyaning yaralish tarixidan tortib, hozirgi kungacha qanday yetib kelgani haqida material tayyorladi.
Kompaniya yaralishi
Paynet 2005-yilning 19-dekabr sanasida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan. Kompaniya asoschisi Botir Arifjonov hisoblanadi.
Arifjonovning soʻzlariga koʻra, Paynet gʻoyasi o'zining "og'rig'idan" kelib chiqqan. O'sha davrda mobil aloqa uchun to'lovlar skretch-kartalar orqali to'langan. Ko'pchilik kabi Arifjanov ham bu usulda toʻlashni yoqtirmagan. Sababi bu kartalar orqali to'lov qilinganda dilerlik haqi juda baland bo'lgan. Deylik, sim-kartangizga 10 ming so'm to'lash uchun qo'shimcha 2 ming so'm to'lashga to'g'ri kelgan. Buning ustiga o'sha vaqtda bozorda tushunarsiz vositachilar, sunʼiy taqchillik va soya faoliyati ham bo'lgan.
“Bularning barchasi menga yoqmasdi. Keyin hamma narsani elektron tarzda qilish g'oyasi paydo bo'ldi. Texnik jihatdan mendan ko‘ra bilimdonroq bir do‘stimni taklif qildim, keyin esa ilova ustida ishlay boshladik”, — deya eslaydi Arifjonov.
Paynet o'sha vaqtda 300 ming dollar investitsiya bilan boshlangan. Kompaniya 6 oy ichida bu pullarni qayta ishlab topa olgan. Arifjonovning aytishicha, kompaniya ochilganidan uch yil o'tib, O'zbekistonda butun boshli telekom-to'lovlarning 90 foizi Paynet orqali o'tkazilgan.
Bu o'sha vaqtda Paynet orqali 1 kunda 2 mln dollardan ortiq to'lovlar amalga oshirilgan. Shu tariqa kompaniya ayrim banklardan boyroq va mashhurroq bo'lgan.
Foto: gazeta.uz
Kompaniyaning bu qadar tez mashhurlikka erishishiga sabab, o'sha vaqtda bunday xizmatni taklif qiluvchi muqobil kompaniya bo'lmagan. Aloqa operatorlari ham Paynet bilan ishlashdan manfaatdor bo'lgan. Chunki aloqa operatorlari uchun ham, mijozlar uchun ham skretch-kartalar orqali to'lovlar qiyinchilik tug'dirgan.
Paynet aloqa operatorlariga ushbu jarayonni elektron tarzda amalga oshirishni hamda dilerga nisbatan 5 barobar kam xizmat haqi olishni taklif qilgan. Aloqa operatorlari uchun bu ayni muddao bo'lgan.
2009-yilga kelib Paynet'ga raqobatchi kompaniyalar paydo bo'la boshlagan. Shu yili bunday turdagi xizmatlarni ko'rsatuvchi kompaniyalarning ustav kapitali bo'yicha talab oshirilgan. Bundan tashqari, yana bir necha regulyativ qarorlar kuchga kirgan. Shu tufayli kichik kompaniyalar o'z-o'zidan faoliyatini to'xtatgan va Paynet yana katta sahnaga chiqqan.
Paynet'ning tortib olinishi
B.Arifjanovning 2020-yil bergan intervyusidagi so‘zlariga ko‘ra, o‘z vaqtida Rossiyaning QIWI kompaniyasi Paynet to‘lov tizimi uchun 10 mln dollar berishga tayyor bo‘lgan. Biroq, Paynet egalari O‘zbekistonga qaytgach, ularga kompaniyadan "voz kechishlari lozimligi" to‘g‘risida qo‘ng‘iroq bo‘lgan. B.Arifjanov kompaniyani o‘sha paytda (davlat kursi bo‘yicha) 60 ming dollarga "sotganligini" aytgan.
Shundan keyin "Uzpaynet" MCHJ aksiyalarining nazorat paketi (62,5 foizi) Xalq bankiga o'tkaziladi va kompaniya yuqori ro‘yxatga olish to‘lovidan (eng kam ish haqining 140 ming barobari) ozod qilinadi.
2014-yildan keyin Xalq banki "Uzpaynet" MCHJning asosiy aksioneri bo'lib qolgan.
2018-yil may oyida "Uzpaynet" MCHJ faoliyati tugatilishi haqida xabarlar tarqaladi. Biroq, oradan biroz muddat o‘tib kompaniya faoliyati tugatilmasligi, brend to‘liq Xalq banki tasarrufiga o‘tishi aytiladi.
2022-yilning aprel oyida Paynet brendining egasi "Uzpaynet" MCHJ emas, "Instanr Payment Solutions" ekani ma'lum bo'lgan.Bu kompaniyaning 20% ulushi Botir Arifjanovga tegishli bo'lgan.
Keyinchalik brend yana "Uzpaynet" tasarrufiga o'tib ketgan.
O‘sha vaqtda UzPaynet saytidagi bayonotida Paynet savdo belgisi ostida aholidan xizmatlar uchun to‘lovlarni qabul qilish davom etishini ma’lum qilgan. Ushbu xizmat Xalq banki bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatila boshlagan.
Qachondir xususiy bo'lgan Paynet'ning yana xususiylashishi
2022-yilning 31-may sanasidan boshlab Paynet'ning 100% davlat ulushini xususiylashtirish ishlari boshlangan. 2024-yilning aprel oyiga kelib kompaniya xususiylashgani ma'lum bo'ldi. Unga ko'ra, 2023-yilning noyabr oyida kompaniya xususiylashtirilib, "New Industrial Technologies" MChJga sotilgan. Bitimning narxi esa ochiqlanmagan.
"New Industrial Technologies" MChJ 2019-yilda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning ta’sischilari Aleks Li (60%) va Mustafo Abdrahmonov (40%) bo‘lgan.
Keyinchalik, Aleks Li ta’sischilar safidan chiqqan. Hozirgi vaqtda "New Industrial Technologies" MChJning 100% ulushi Mustafo Abdrahmonovga tegishli.
Shuningdek, Mustafo Abdrahmonov "Asia Alliance Bank"ning asosiy aksiyadori bo‘lgan "Asia Alliance Group"ning 77,6% ulushiga egalik qiladi.
"New Industrial Technologies" MChJ haqida
"New Industrial Technologies" MChJ 2019-yilning 8-aprel sanasida davlat ro'yxatidan o'tkazilgan bo'lib, asosan kompyuter dasturlashtirish sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya ustav fondi 273 mlrd 560 mln so'mni tashkil etadi. Ustav fondining 100% ulushi Mustafa Orazbayevich Abdraxmanovga tegishli.
Foto: stat.uz
Mustafa Abdraxmanov kim?
Abdraxmanov hozirgi kunda "New Industrial Technologies" MChJ, "Asia Alliance Group" MChJ, (77,6%) "Universal system Consalting" oilaviy korxonasi hamda "Rizqala" MChJning ta'sischisi hisoblanadi.
Ma'lumot uchun, Paynet kompaniyasi va Humo to'lov tizimi "New Industrial Technologies" MChjning tarkibiga kiradi. Abdraxmonovning shaxsiga oid ma'lumotlari esa ochiqlanmagan.
Paynet'ning hozirgi holati
2024-yil 1-iyuldan boshlab to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida yaratish va yuritish talabi joriy etildi. Shundan so'ng Paynet kompaniyasining mulkchilik shakli MCHJdan AJga o'zgartiriladi va kompaniyaning ustav kapitali 10 mlrd 500 mln so'mga yetkaziladi. Kompaniya direktori esa Anvar Sadikovich Isamuhamedov hisoblanadi. A.Isamuhamedov ham Arifjanov kabi Reading universitetini tamomlagan.
Foto: stat.uz
Foto: Paynet'ning 2024-yil birinchi yarim yilligi uchun muhim ko'rsatkichlari
Infografika: Bankers.uz
Kompaniya 2024-yilning 9 oyida 200 mlrd so'mdan ko'proq sof foyda olgan. Hozirgi kunda Paynet kompaniyasi Click va Payme bilan birgalikda O'zbekston to'lov bozorining "katta uchligi" hisoblanadi.
Xususan, 2024-yil sarhisobiga ko'ra HUMO karta egalari eng ko'p Click'dan, undan keyin Paynet'dan foydalangan.
Botir Arifjonov biografiyasi va uning Paynet'dan keyingi taqdiri
Arifjonovning tug'ilgan yili va joyi bo'yicha ma'lumotlar mavjud emas. Toshkent davlat texnika universitetining biznes boshqaruv fakultetini tamomlagan. Keyin esa Angliyaning Reading universitetida magistratura bosqichida grant asosida tahsil olgan.
Ushbu grantni davlat moliyalashtirgani bois 5 yil davomida davlat korxonalarida ishlab berishi kerak bo'lgan. Shunday qilib, u Iqtisodiyot vazirligida 7 yil davomida ishlagan.
Foto: spot.uz
Keyinchalik u yerdan ketib, 2005-yilda Paynet kompaniyasiga asos solgan. Paynet 2009-yilda davlat tasarrufiga o'tgach, Arifjonov Misrda "Bee" nomli to'lov tizimiga asos soladi. U 2021-yilgacha mazkur to'lov tizimining Kuzatuv kengashi a'zosi bo'lgan. "Bee" to'lov tizimi keyinchalik Ebtikar tomonidan sotib olingan.
Keyinchalik Arifjanov Dubayda "Le Bazar" nomli e-commerce platformasini ishga tushiradi. Biroq, mazkur kompaniyaning biznes modeli o'zini oqlamaydi va investorlar kompaniyadan voz kechadi.
Arifjanov 2016-yilda O'zbekistonga qaytib kelib, mamlakatda LeBazar platformasini yo'lga qo'yadi. Platforma O'zbekistonda FoodTech bilan shug'ullanadi. Mazkur biznes avvaliga muvaffaqiyatli bo'lmaydi. Biroq, karantin davrida kompaniya bir necha haftalar ichida 5 barobarga o'sadi.
2022-yilda esa LeBazar kompaniyasi Korzinka.uz asoschisi va rahbari Zafar Hoshimovga sotilgan. Bitim narxi ochiqlanmagan. Hozirgi kunda ushbu kompaniya "Korzinka Go" brendi ostida xizmat ko'rsatmoqda.
Foto: Botir Arifjonovning Facebook sahifasidan olindi
Bundan tashqari, Botir Arifjonov Asrtum IT-akademiyasi hamda Khan Academy Uzbek loyihasining tashabbuskori va loyiha rahbari hisoblanadi.
2022-yilda u O'zbekistonda IT-ta'limi va texnologik biznesga qo'shgan hissasi uchun "Shuhrat" medali bilan taqdirlangan.
Ayni paytda Botir Arifjanovning LinkedIn'dagi akkauntiga ko'ra, u Geomotive startapining hammuassisi (Co-Founder) ekani ko'rsatilgan.
Geomotive - tashqi reklamalar bo'yicha ekosistema hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyoda faoliyat yuritadi. 2023-yilda Aloqa Ventures mazkur startapga 250 ming dollar miqdorida investitsiya kiritgan.