2025-yil 1-maydan boshlab elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi oshiriladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida ma'lum qilindi.
Utilizatsiya yig‘imi – ko‘plab davlatlarda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni eskirgan transportlarning zararli ta’siridan himoya qilish maqsadida to‘lanadi.
Biroq, O'zbekistonda hammasi boshqacha amalga oshiriladi. 1-maydan boshlab:
- Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshmagan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 120 baravari (45 mln so‘m) etib belgilanmoqda. Ayni paytda ushbu yig'im 30 BHMga (11 mln so'mdan ko'proq) teng.
- Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 210 baravari (78,75 mln so‘m) etib belgilanmoqda. Hozirda bu yig‘im 90 BHMga (33 mln so'mdan ko'proq) teng.
Ushbu qaror O'zbekistondagi elektrombil ishlab chiqaruvchilarga ham taaluqlimi?
Qonuniy jihatdan utilizatsiya yig‘imi chet eldan keltirilgan va mahalliy ishlab chiqarilgan elektromobillarga ham taalluqli hisoblanadi. Biroq mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar mavjud.
2030-yil 1-yanvargacha O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektromobillar utilizatsiya yig‘imidan ozod etilgan. Bundan tashqari, ularning butlovchi qismlari, uskunalari, xomashyosi va ehtiyot qismlariga bojxona bojlari qo‘llanilmaydi.
Ma'lumot uchun, O'zbekistonda elektromobil ishlab chiqaruvchi va yig'uvchi "Jizzax BYD zavodi" hamda "ADM Jizzakh" kompaniyalari faoliyat yuritadi. Shuningdek, UzAuto Motors kompaniyasining ham utilizatsiya yig'imlari to'lashi hozirgacha noma'lum.
Mazkur qaror aynan shu kabi kompaniyalar uchun qo'l keladi. Sababi endilikda chetdan elektromobil import qilish ancha qimmatga tushadi.
Avvalroq, 2024-yil O'zbekiston avtomobil bozorining sotuvlar bo'yicha tahlili haqida yozgandik. Unga ko'ra, elektrokarlar va gibridlar importi benzinli avtomobillarni ortda qoldirgan edi.