Uzum Bankning amaldagi rahbari Aleksandr Filippovich lavozimidan bo'shatilmoqda. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilindi.
6-fevral kuni bank kuzatuv kengashi Aleksandr Filippovichning vakolatlarini muddatidan oldin tugatish bo‘yicha bir ovozdan qaror qabul qildi. Uning o‘rniga ilgari Yangi Bank boshqaruv raisi bo‘lgan Svetlana Xe nomzodi ilgari surilmoqda. Amaldagi tartibga ko'ra, mazkur nomzod Markaziy bank tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Foto: Uzum Bank
Hozirda Uzum Bank o‘zining affillangan shaxslar ro‘yxatidan Aleksandr Filippovichni chiqarib tashladi va uning o‘rniga Svetlana Xeni boshqaruv raisi sifatida qo‘shdi.
Svetlana Xe bank sohasida 20 yillik tajribaga ega bo‘lib, Octobank va Kapitalbankda rahbarlik lavozimlarida ishlagan.
Aleksandr Filippovich endilikda operatsion direktor lavozimida Uzum Fintech jamoasida faoliyatini davom ettirishi ma'lum qilindi.
Ma'lumot uchun, Filippovich bank sohasida 20 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lib, ilgari Belarusning yirik banklarida rahbarlik lavozimida ishlagan. U 2023-yilning avgust oyida Uzum Bank boshqaruv raisi etib tayinlangandi.