2025-yilning 17-sentyabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining narxi 1,51 mln so‘mni tashkil etdi. Bu rekord ko‘rsatkichdir.
Manba: Markaziy bank
Narxlar sentyabr oyining o‘zida 8 foizga oshdi. Yil boshiga nisbatan esa 35 foizga yuqoriladi.
Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida 1 gramm oltin quymasining narxi 1,092 mln so‘m edi.
Shunday qilib, so‘nggi bir yilda oltin quyma narxlari 38,3 foizga oshdi.
Oltin narxi nafaqat O‘zbekistonda, balki jahon mamlakatlarida ham qimmatlamoqda.
Xususan, joriy yilda 1 troy unsiya oltin narxi birinchi marta 3,5 ming dollardan oshdi.
17-sentyabr soat 10:28 holatiga ko‘ra, 1 troy unsiya oltin narxi 3,68 ming dollarni tashkil etmoqda.
Troy unsiya – bu qimmatbaho metallar vaznini o‘lchashda qo‘llaniladigan xalqaro birlikdir. Bunda 1 troy unsiya 31,1034768 grammga teng.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda oltin quymalarini onlayn hamda oflayn tarzda xarid qilish mumkin.
Avvalroq, biz uni sotib olish jarayoni haqida batafsil yozgandik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari birinchi marta 50 mlrd dollardan oshdi.