O'zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat beriladi

12.02.2025 10:33

6

O'zbekistonda mikromoliya banklarini tashkil etishga ruxsat berildi. Ushbu bank ustav kapitalining minimal miqdori 50 mlrd so'm etib belgilandi. Shuningdek, endilikda mikromoliya tashkilotlari mikromoliya banklariga, mikromoliya banklari esa tijorat banklariga aylanishi mumkin bo’ladi.

Foto: Markaziy bank

“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan tuzatishlarga ko‘ra mikromoliya banki instituti joriy etilmoqda

Shuningdek, endilikda mikromoliya tashkilotlari mikromoliya banklariga, mikromoliya banklari esa tijorat banklariga aylanishi mumkin bo’ladi.

Oʻzbekistonda mikromoliya tashkilotlari, mikromoliya banklari va tijorat banklari mavjud bo'lib, ularning har biriga qoʻyiladigan talablar turlicha.

Ularning asosiy farqlarini ko‘rib chiqamiz.

1. Mikromoliya tashkilotlari (MMT)

Mikromoliya tashkilotlariga mikrokredit tashkilotlari hamda lombardlar kiradi. Ushbu tashkilot asosan kichik biznes va jismoniy shaxslarga kichik miqdorda kredit beradi. 

Kredit summalari va muddatlari mikromoliya banklariga qaraganda cheklangan. Omonat qabul qilishga ruxsati yo‘q. Ustav kapitali miqdori esa kamida 2 milliard so‘m bo‘lishi kerak.

1. Mikromoliya banklari

Mikromoliya banki — bu ayrim cheklovlarni inobatga olgan holda bank faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxs bo‘lib, mikromoliya tashkilotlari va tijorat banklari zanjirini bog‘lovchi bo‘g‘in hisoblanadi.

Ushbu bank ustav kapitalining eng kam miqdori 50 mlrd so‘mni tashkil etishi shartligi belgilanmoqda.

Mikromoliya banklariga bank faoliyatini amalga oshirishda quyidagi cheklovlar mavjud:

Bular:

  • jismoniy shaxslardan omonatga jalb qilingan pul mablag‘lari miqdori qonunchilikda belgilangan kafolatlangan omonat miqdoridan oshmasligi;
  • bir qarz oluvchi yoki o‘zaro aloqador qarz oluvchilar guruhiga doir tavakkalchilikning eng ko‘p miqdori 5 mlrd so‘mdan oshmasligi;
  • tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ajratilgan kreditlarning kredit portfelidagi ulushi 70 foizdan kam bo‘lmasligi;
  • chet el banklarida hisobvaraqlar ochish, chet el fuqarolari va yuridik shaxslariga ularning majburiyatlari bo‘yicha kafolatlar berish hamda mijozlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish taqiqlanganligi;
  • qarz qimmatli qog‘ozlariga investitsiyalar banklarning likvidliligini boshqarishga qo‘yiladigan talablar doirasida faqatgina Markaziy bank tomonidan belgilangan yuqori likvidli qarz qimmatli qog‘ozlariga yo‘naltirilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.
Mikromoliya banki faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani Markaziy bank tomonidan berish belgilandi.

Tijorat banklari

Bu universal moliyaviy tashkilotlar bo‘lib, har qanday mijozga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Yuridik va jismoniy shaxslarga har xil turdagi kreditlar, depozitlar va to‘lov xizmatlari taklif qiladi. 

Katta miqdorda kredit bera oladi va yirik korporativ mijozlarga xizmat qiladi. Tijorat banklarining minimal ustav kapitali kamida 500 milliard so‘m bo'lishi kerak.

#mikromoliya banki#mikromoliya tashkiloti

O’xshash yangiliklar

Eng ko'p o'qilgan