"Milliy banklararo protsessing markazi" AJ (HUMO to‘lov tizimi) 2025-yilning yanvar oyi sarhisobi bo‘yicha ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Unga ko‘ra, yanvar oyida HUMO kartalari orqali o'tkazmalarda UZCARD kartalariga bo'lgan tranzaksiyalar ulushi 31,4 foizni, UZCARD'dan HUMO kartalariga o'tkazmalar ulushi esa 33,3 foizni tashkil qilgan. Xorijdan o'tkazmalar ulushi 18,7 foizga teng bo'lgan.
Shuningdek, joylarda QR-kod orqali to'lovlarning ulushi 2,6 foizgacha ko'tarilgani e'tiborga molikdir. Oldingi oylar bo'yicha sarhisoblarda bu punkt mavjud emasdi. Buni avtobuslarda naqd pul qabul qilish to‘xtatilgani bilan izohlash mumkin.
Click, Paynet Payme orqali operatsiyalar
Yanvar oyida HUMO kartasiga ega shaxslar eng ko‘p Click ilovasidan foydalangan. Jami amaliyotlarning 36,68% ulushi ushbu ilova hisobiga to'g'ri kelgan.
Infografika: HUMO
Qiziq jihatlardan biri, bu HUMO‘ni sotib olgan Paynet kompaniyasi amaliyotlar bo'yicha Payme’ni ortda qoldirdi. Bunda ularning ulushi mos ravishda 23,97 va 23,81 foiz bo‘lgan.
Bundan tashqari ushbu ro‘yxatda Alif (7,69%) hamda Beepul (3,67%) ilovasi ham TOP-5'talikdan joy olgan.
Bank ilovalari
HUMO karta egalari bank ilovalari orasida eng ko'p Xazna ilovasi orqali operatsiyalar amalga oshirgan. Jami operatsiyalarning 21,17 foizi aynan shu ilovaga to'g'ri keladi.
Ma'lumot uchun, Xazna ilovasi orqali 5 mln so'mgacha p2p o'tkazmalar uchun komissiya olinmaydi.
Infografika: HUMO
Undan keyingi o‘rinni Octo-Mobile ilovasi band qilgan. Mazkur ilovada umumiy operatsiyalarning 10,18 foizi bajarilgan. Uchinchi o‘rinda Uzum Bank ilovasi qayd etilgan. Ilova orqali jami operatsiyalarning 9,9 foizi amalga oshirilgan.
Shuningdek, TBC Bank ilovasi 8,38% ulush bilan Zoomrad'ni (7,61%) ortda qoldirgan.
Avvalroq, HUMO to‘lov tizimining 2024-yilgi sarhisoblari bilan bo‘lishgandik.