UPay hammuassisi Behzod Botirov Pay Way to‘lov xizmati aksiyalarining asosiy paketini sotib oldi. Bu haqda Korporativ yagona axborot portaliga tayanib, Spot.uz xabar berdi.
13-fevral kuni Botirov Behzod Botirjon o‘g‘li Pay Way’ning jami 74,38% aksiyalarini 8,1 mlrd so‘mga sotib oldi. Shunday qilib, B.Botirov kompanyaining asosoy aksiyadoriga aylandi.
Mazkur bitimdan so‘ng Pay Way asoschisi va rahbari Bunyod Sattarovning kompaniyadagi ulushi 50 foizdan 10,49 foizgacha tushdi. U komanpaniyani boshqarishda davom etishi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, 2021-yilning may oyida Markaziy bank "PAY WAY" MCHJga to‘lov tashkiloti faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya bergandi.
Keyinchalik 2022-yilning iyul oyida “Pay Way” elektron pullar tizimi Markaziy bankning Elektron pullar tizimi reyestriga kiritilgandi va elektron pullar chiqarilishiga ruxsat berilgandi. Biroq, hozirda Pay Way mazkur reyestrda mavjud emas.
Pay Way - bu MDH mamlakatlariga, shuningdek, xorijga pul o‘tkazmalari xizmati hisoblanadi. HUMO yoki UZCARD kartalaridan MDH mamlakatlaridagi xizmatlarga to‘lash uchun pul o‘tkazilganda, mablag‘lar o‘zbek so‘mida jo‘natiladi, qabul qiluvchiga esa o‘sha mamlakat valyutasida borib tushadi. Hozirda Pay Way orqali 1000 dan ortiq xizmatlarga to‘lov qilish mumkin. Xususan, onlayn o‘yinlarga ham mazkur to‘lov tashkiloti orqali to‘lash mumkin.