Davlat xodimi bilan birgalikda soxta "prava" rasmiylashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi

19.12.2025 12:31
Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025-yil davomida muqaddam haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln so‘m pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergani ma’lum bo‘ldi.
Davlat xodimi bilan birgalikda soxta "prava" rasmiylashtirib kelgan jinoiy guruh fosh etildi

Foto: Kun.uz

Haydovchilik guvohnomalarini soxtalashtirish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Prokuratura tomonidan hududiy davlat xizmatlari markazi xodimlari va boshqalarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilgan. 

Aniqlanishicha, Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi jinoiy sheriklari bilan 2025-yil davomida haydovchilik guvohnomasi olmagan 72 nafar fuqarodan olingan 616 mln so‘m pora evaziga ularga soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan. 

Ushbu holat bo‘yicha Davlat xizmatlari markazining mutaxassisi va uning sheriklariga pora olish, pora berish, rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish bo‘yicha ayblov e’lon qilinib, ularning barchasi qamoqqa olingan hamda ularning jinoiy javobgarlik masalasi hal etilgan.

Jinoyatning kelib chiqish sabablari

Ma’muriy reglamentga ko‘ra, haydovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar nazariy va amaliy imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganidan so‘ng, unga haydovchilik guvohnomasi Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilishi belgilab qo‘yilgan. 

Biroq, yuqoridagi holatda nazariy va amaliy imtihonlardan o‘ta olmagan fuqarolarga avtomaktablar yaqinida faoliyat yurituvchi turli shaxslar haydovchilik guvohnomasini haq evaziga imtihon topshirmasdan, soxta hujjatlari asosida olib berishgan.

Prokuraturaning ma’lum qilishicha, jinoiy guruh ikki xil usulda soxta haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirib bergan.

Birinchi usul

Jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 500-1000 dollar evaziga turli shaxslar orqali eski turdagi haydovchilik guvohnomasini qo‘lbola usulda tayyorlashib, fuqarolarga taqdim etgan.

So‘ngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga pora berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan DXMga qalbaki eski turdagi haydovchilik guvohnomalari topshirilishiga, o‘rniga yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirishga erishishgan.

Ikkinchi usul

Keyingi usulda jinoiy guruhning mijoz topish bilan shug‘ullanuvchi vakillari fuqarolardan qalbaki haydovchilik guvohnomasi uchun olingan 10 ming dollarga qadar bo‘lgan mablag‘ evaziga fuqarolarning haydovchilik guvohnomasi mavjud bo‘lganligi to‘g‘risida hududiy YXXBlar ma’lumotnomalarini soxtalashtirib, ularga soxta QR-kodli imzolarni qo‘yib fuqarolarga taqdim etishgan.

So‘ngra, jinoiy guruh tuman Davlat xizmatlari markazi xodimiga berish yo‘li bilan ushbu fuqarolar tomonidan unga soxta QR-kodli ma’lumotnomalarni taqdim etib, yangi turdagi haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirishga erishishgan.

Ikkala holatda ham fuqarolar o‘zlarining muqaddam haydovchilik guvohnomalari bo‘lmaganligini bila turib, jinoiy guruh vakillaridan sotib olgan soxta hujjatlar bilan davlat xizmatlari markaziga go‘yoki haydovchilik guvohnomalarini yo‘qotib qo‘yishganligi to‘g‘risida murojaat qilishgan.

Natijada 72 nafar fuqarolarning o‘zi ham hujjatlarni qalbakilashtirish hamda davlat tashkiloti xodimiga pora berish jinoyatlariga sherik bo‘lishgan.

Shunga oid boshqa ishlar

Yuqoridagi holatlar bo‘yicha Bosh prokuratura tomonidan viloyatlarda o‘tkazilgan tekshirishda yana 1200 dan ortiq qalbaki haydovchilik guvohnomalari aniqlanib, jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. 

Bularning 440 tasi Toshkent shahrida, 265 tasi Navoiy viloyatida, 205 tasi Surxondaryo viloyatida, 146 tasi Samarqand viloyatida, 33 tasi Qashqadaryo viloyatida, 20 tasi Sirdaryo viloyatida, qolgan 100 dan ortig‘i esa boshqa viloyatlarga to‘g‘ri kelgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda barcha fuqarolarning qalbaki hujjatlar asosida qo‘lga kiritgan haydovchilik guvohnomalari bekor qilingan va hujjatni qalbakilashtirgan hamda ushbu qalbaki hujjatlarni sotib olgan fuqarolarning o‘zini ham jinoiy javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

#haydovchilik_guvohnomasi#soxtalashtirish

Xabarni ulashish:

Eng ko'p o'qilganlar