20-fevral kuni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar ko'ra, endilikda qoidabuzar haydovchiga nisbatan belgilangan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblanadi. Bunda har bir huquqbuzarlik uchun jazo 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari birinchi huquqbuzarlik sodir etilgan kundan boshlab, bir yil davomida hisoblab boriladi va bir yil o‘tgach haydovchidan avtomatik tarzda yechiladi. Ballar miqdori bir yilda 12 balldan oshsa, oxirgi huquqbuzarlik uchun belgilangan jazoga qo‘shimcha jazo tariqasida haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan eng kamida 6 oyga mahrum qilinadi.
Shuningdek, quyidagilar uchun ham ma’muriy javobgarlik belgilandi:
- Siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositasida odam tashish qoidalarini buzganlik uchun;
- Transport vositalarini quvib o‘tish qoidalarini buzganlik uchun;
- Yo‘l bezoriligi uchun;
- Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining foto va videotasvirini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun.
Bundan tashqari, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko'ra, Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalar bilan quyidagilar uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
- transport vositasini mastlik holatida boshqarganlik yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlaganlik uchun;
- transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik uchun;
- siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun.
Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan (2025-yil 20-fevral) boshlab kuchga kiradi.