2024-yilda MMTlar va lombardlarning birgalikda sof foydasi 1 trln so'mga yetdi

21.02.2025 10:12

14

2024-yilda mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadlari 3,4 trln so‘mni, jami xarajatlari esa 1,5 trln so‘mni tashkil qilgan. Buning 1 trln so‘mi esa sof foyda bo‘lgan. Shuningdek, 2024-yilda ular tomonidan 16 trln so‘m kredit ajratilgan.

Ma’lumot uchun , mikromoliya tashkiloti va lombard moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bo‘lib, ularning faoliyati o‘zaro farq qiladi.
Mikromoliya tashkiloti —kichik bizneslar va jismoniy shaxslar uchun kichik miqdordagi kreditlar, mikroqarzlar va boshqa moliyaviy xizmatlarni garovsiz yoki minimal garov evaziga taqdim etadigan muassasadir.
Lombard — qisqa muddatli qarz beruvchi moliyaviy tashkilot bo‘lib, u kreditni faqat garov evaziga (oltin, zargarlik buyumlari, avtomobil va boshqa qimmatbaho aktivlar) beradi.

Markaziy bank O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan mikromoliya tashkilotlari hamda lombardlarning 2024-yilda erishgan moliyaviy natijalari bilan bo‘lishdi.

Unga ko‘ra, 2024-yilda mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami daromadlari 3,4 trln so‘mni, jami xarajatlari esa 1,5 trln so‘mni tashkil qilgan. Buning 1 trln so‘mi sof foyda bo‘lgan.

Mikromoliya tashkilotlarida jami daromadlar 3 trln so‘mni, jami xarajatlar 1,4 trln so‘mni va sof foyda 833 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Lombardlarning daromadlari esa 354 mlrd so‘mni, xarajatlari 138 mlrd so‘mni va sof foydasi esa 170 mlrd so‘mga yetgan.

Kredit portfeli

2024 yilda mikromoliya tashkilotlari va lombardlar tomonidan jami 16 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, kreditlash miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 85 foizga oshgan. 

Bunda, kreditlashning 89 foizi (14,4 trln so‘mi) mikromoliya tashkilotlari va 11 foizi (1,8 trln so‘mi) lombardlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Kreditlash amaliyotlarining o‘sish sur’ati mikromoliya tashkilotlarida 104,5 foiz, lombardlarda esa 10 foizni tashkil etgan.

Jami kapital

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning jami kapitali o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga (847 mlrd so‘m) ko‘payib, 2,9 trln so‘mga yetgan. 

Bunda, mikromoliya tashkilotlarining jami kapitali 1,4 barobarga (764 mlrd so‘m) oshib, 2,5 trln so‘mni, lombardlarda esa 1,3 barobarga (83 mlrd so‘m) o‘sib, 378 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Aktivlar

Mikromoliya tashkilotlari va lombardlarning aktivlari qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 barobarga ortib, 8,4 trln so‘mga yetgan. 

Bunda, mikromoliya tashkilotlarining aktivlari 1,8 barobarga (3,4 trln so‘m) o‘sib, 7,9 trln so‘mni, lombardlarning aktivlari esa 1,5 barobarga (162 mlrd so‘m) ko‘payib, 498 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2025-yil 21-fevral holatiga ko‘ra, 116 ta mikromoliya tashkilotlari va 92 ta lombardlar faoliyat yuritmoqda.

Avvalroq, Markaziy bank 11 ta yangi mikromoliya tashkilotini ro‘yxatdan o‘tkazgani haqida yozgandik.

#markaziy bank#lombardlar#mikromoliya tashkilotlari

O’xshash yangiliklar

Eng ko'p o'qilgan