Raqobat qo‘mitasi tomonidan “International Beverages Tashkent” MCHJning “Urban Retail” MCHJning 100% ulushlarini olish bo‘yicha arizasi qanoatlantirildi. Bu haqda qo‘mita rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
“International Beverages Tashkent” MCHJ O'zbekistonda Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush va Lipton savdo belgilari ostida salqin ichimliklar ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot hisoblanadi. Mazkur kompaniya 2022-yilda xususiylashtirilgan va BAAning Holten Enterprise Holdings kompaniyasiga sotilgan.
“Baraka Market” supermarketlari “Urban Retail” MCHJga tegishli hisoblanadi. Mazkur kompaniya supermarketlar tarmog‘i orqali salqin ichimliklar, oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlar savdosi bilan shug‘ullanib keladi.
Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim korporativ tarkibiy o‘zgartirish hisoblanishi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Ma'lumot uchun, Baraka Market'ga egalik qiluvchi "Urban Retail" MChJning ustav kapitali 5 mlrd so'mni tashkil qiladi. Hozirda har ikkala kompaniyaning ham asosiy aksiyadori sifatida BAAning Holten Enterprise Holdings kompaniyasi ko'rsatilgan.
Avvalroq, Pepsi brendining 2024-yilgi moliyaviy natijalari haqida yozgandik.