UZCARD 2024-yilda 955 mlrd so‘mdan ko‘proq sof foyda oldi

11.04.2025 14:06

12

UZCARD to‘lov tizimining sof foyda ko‘rsatkichi 2023-yilga nisbatan 368,9 mlrd so‘mga oshib, 955,7 mlrd so‘mni tashkil qilgan. Bu taxminan 74 mln dollarga tengdir. Tushumlari miqdori esa qariyb 1,3 trln so‘m bo‘lgan. Avvalroq, HUMO to‘lov tizimi 2024-yilda 168,3 mlrd so‘m sof foyda olgani ma’lum bo‘lgandi.

Foto: Aniq.uz

"Yagona umumrespublika protsessing markazi" AJ (UZCARD to‘lov tizimi) 2024-yil yakunlari bo‘yicha auditlangan moliyaviy hisobotini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, yil davomida kompaniyaning sof foydasi 955,7 mlrd (qariyb $74 mln) so‘mni tashkil etgan. Bu 2023-yilga nisbatan 62,9 foizga yoki 368,9 mlrd so‘mga ko‘proq sof foyda bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 2024-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonda faqatgina 4 ta bank — O‘zmilliybank, Hamkorbank, O‘zsanoatqurilishbank va Kapitalbanklar bundan ko‘proq sof foyda olgan.

Kompaniya tushumi 2024-yilda qariyb 1,3 trln so‘mga yetgan. Aktivlari esa 199,4 mlrd so‘mga yoki 37 foizga o'sib, jami 736,2 mlrd so‘mni tashkil etgan. Shuningdek, UZCARD’ning umumiy kapitali 590,6 mlrd so‘mga yetgan.

Shu bilan birga, kompaniya majburiyatlari ikki barobarga ortib, jami 145,7 mlrd so‘mni tashkil etgan.

2024-yilning 31-dekabr holatiga ko‘ra UZCARD aksiyadorlarining ulushi quyidagicha:

  • "IMC Capital" MCHJ — 75%;
  • Kamron Anvarovich Akbarov — 25%.
"IMC Capital" MCHJning yagona ta’sischisi Berill Holding Company Limited bo‘lib, uning ta’sischisi esa Emerald Global Foundation hisoblanadi. Shunday qilib, Emerald Global Foundation va Kamron Akbarov birgalikda kompaniyaga egalik qilishadi.

Avvalroq, HUMO to'lov tizimi 2024-yilda 168,3 mlrd so'm ($13 mln) sof foyda olgani haqida yozgandik.

#humo#uzcard#sof foyda#aktiv#kapital#Kamron Akbarov

Eng ko'p o'qilgan