2025-yilning 28-mart kuni Leapmotor elektromobilining C16 modeli elektromagnit shovqinlarga qarshi talablarga javob bermaganligi sababli barcha Leapmotor avtomobillarini sertifikatlash vaqtincha to‘xtatilgandi.
Ushbu masala yuzasidan Xitoyning Leapmotor avtomobillarini ishlab chiqaruvchi vakillari C16 modelini qayta sinovdan o‘tkazish maqsadida 14-aprel kuni UzTestga tashrif buyurishdi.
Bunda kompaniyaning 2 ta C16 modeli Piskent tumanida joylashgan "Elektromagnit moslashuvchanlik sinov laboratoriyasi"da kompaniya mutaxassislari hamda OAV vakillari ishtirokida qayta sinovdan o‘tkazildi.
O‘tkazilgan takroriy sinovlar natijasida Kompaniya tomonidan import qilingan "Leapmotor" tovar belgili "C16" rusumli avtotransport vositasi BMTning 10-sonli qoidasi talablariga muvofiq deb topildi va "Leapmotor" kompaniyasiga shartli ravishda mazkur tovar belgili avtotransport vositalarini respublikada muomalaga chiqarishga ruxsat berildi.
Shu bilan birga, kompaniyaga bir nechta majburiyat yuklatildi. Ulardan eng muhimi, nomuvofiqlik aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish hamda iste’molchiga yetkazilgan zararni qoplash uchun rasmiy vakil sifatida O‘zbekistonda rezident (yuridik shaxs) ni belgilashdir.
Import qilinayotgan Leapmotor tovar belgisi ostidagi barcha avtomobillar turini ma’qullash uchun tegishli hujjatlarni taqdim etish talab qilinadi.
Shuningdek, Leapmotor avtomobillari ishlab chiqarilayotgan korxonalardagi jarayon va shartlarni o‘rganish hamda baholash so‘raldi.