Shavkat Mirziyoyev 1-iyuldan boshlab hech qanday tovar eksportiga cheklov bo‘lmasligini e’lon qildi. U bu haqda 18-aprel kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.
Eksport bojlari faqat 86 ta tovar guruhiga kiruvchi xomashyo va ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan qo‘llanilishi aytildi.
Shuningdek, yig‘ilishda qandolatchilik va salqin ichimliklar tarmog‘i mahalliy sanoatning harakatlantiruvchi kuchiga aylanib ulgurgani va ularni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Shu sababli, shakarga aksiz solig‘i bekor qilinishi belgilandi. Quruq sut importiga qo‘yilgan cheklovlar ham olib tashlanadi.
Ta’kidlanishicha, buning natijasida qariyb 40 ming kishi ishlaydigan 5,5 mingta qandolat va salqin ichimlik ishlab chiqaruvchi korxonalarning yillik aylanmasi kamida 50 trln so‘mga yetadi.
2025-yil 1-yanvardan boshlab umumiy ovqatlanish korxonalari to‘lagan QQSlarning bir qismini qaytarib olishlari mumkinligi ma’lum qilingandi. Biroq bu imkoniyatdan atigi 69 ta korxona foydalangani aytildi.
Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev tomonidan turizm sohasiga oid bir qancha yangiliklar e’lon qilingani haqida yozgandik.