O‘zbekiston banklaridan sotilayotgan oltin quyma narxlari rekord qayd etishda davom etmoqda. Xususan, 2025-yilning 21-aprel sanasiga ko‘ra 5 gr oltin quymasining narxi 7 mln 275 ming so‘mni tashkil etmoqda. Bu 1 gr oltin quymasining narxi 1 mln 455 ming so‘mga to‘g‘ri kelishini anglatadi.
2025-yilning 21-aprel sanasidagi oltin quyma narxlari. Manba: Markaziy bank
21-apreldagi 5 gr oltin quymasining narxini aprel oyining boshidagi narx bilan taqqoslaganda, 604 ming so‘mga yoki 9 foizga qimmatlaganini ko‘ramiz.
Shunday qilib, aprel boshida 5 gr oltin quymasini jamg‘arganlar 604 ming so‘m foyda ko‘rgan.
Agar 2025-yilning boshiga nisbatan solishtirsak, 5 gr oltin quymasining narxi 1 mln 614 ming so‘mga yoki 28,5 foizga oshgan.
1 yil oldin, ya’ni 2024-yilning 22-aprel sanasida 5 gr oltin jamg‘arganlar 2 mln 316 ming so‘m sof foyda ko‘rgan hisoblanadi. Bunda uning narxi qariyb 47 foizga ko‘tarilgan.
Ma’lumot uchun, 2020-yilning 2-noyabr sanasidan boshlab Markaziy bank aholining investitsiya va jamg‘arish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida o‘lchovli oltin quymalarini tijorat banklari orqali sotuvga chiqargandi.
O‘sha paytda 5 gr oltin quymasining narxi 3 mln 456 ming so‘mni tashkil etayotgandi.
O‘sha vaqtda 5 gr oltin quymasini jamg‘arganlar 3 mln 819 ming so‘m sof foyda ko‘rgan. O‘sish ko‘rsatkichi esa 110 foizdan ko‘proqni tashkil qilgan.
Hozirgi kunda oltin quymalar 5, 10, 20, 50 hamda 100 grammlik o‘lchovlarda sotilmoqda. Ushbu havolaga oltin quymasining oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi shoxobchalar ro‘yxatini qoldirdik.
Oltin nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo bo‘ylab qimmatlashmoqda. Biz bu haqda avvalroq yozgandik.