SMS-xabarnoma xizmatlarini ko‘rsatuvchi Play Mobile kompaniyasi UZCARD tizimidagi kiruvchi xabarlar uchun tariflar oshirilishini ma’lum qildi.
“2025-yil 1-martdan boshlab Beeline, Humans, Perfectum, Ucell, Mobiuz va UzMobile operatorlari mijozlari uchun 5800 raqamidan yuborilgan har bir SMS narxi 168,40 so‘mni tashkil etadi.”, - deyiladi xabarda.
Kompaniya narxlar oshishini SMS-trafikning 75 foizga ko‘payganiga qaramasdan 2019-yildan beri o‘zgarmagani va tizimni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlar ortgani bilan izohlagan.
“Shu bilan birga, xizmatlar narxiga ta’sir qiluvchi tashqi iqtisodiy omillarning sezilarli o‘sishi kuzatildi. So‘nggi yillarda elektr energiyasi narxi 100 foizga, bazaviy hisob-kitob qiymati 68 foizga, aloqa operatorlari tomonidan olinadigan bitta SMS'ning o‘rtacha narxi 300 foizga oshdi”, deyiladi kompaniya xabarida.
HUMO kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi hozircha oshirilmadi. Biroq, 2019-yilda UZCARD'dan 4 kun o‘tib, HUMO tizimida (INFO ZONE MCHJ orqali) ham xizmat narxi oshirilishi ma’lum qilingandi.
Avvalroq, UZCARD'ning "Cardxabar" botidan foydalanish narxlari ham oshirilayotgani haqida yozgandik.