Kartadan-kartaga pul o‘tkazish xizmatini yaratgan — Payme tarixi

18.04.2025 15:26

29

Ko‘pchilik kartadan-kartaga pul o‘tkazish xizmatini (P2P) birinchi bo‘lib Click yaratgan, deb o‘ylaydi. Aslida esa P2P xizmatini ham, ekvayring xizmatini ham aynan birinchi bo‘lib Payme ishlab chiqqanini ko‘pchilik bilmasa kerak. Shu sababli tanga.uz Payme tarixiga oid material tayyorladi. Unda Payme asoschisi Sarvar Ro‘zmatovning muvaffaqiyatsiz bizneslari hamda Paynet va Click kabi kompaniyalar mavjud bo‘lishiga qaramay, Payme qanday qilib bozorga kirib kelgani va keyinchalik TBC Bank'ka sotilgani haqida so‘z boradi.

Foto: Payme

Payme tarixi

Payme fintex kompaniyasining asoschisi Sarvar Ro‘zmatov Payme’ga asos solishdan oldin dastlab internet-do‘koni hamda "Shift Technology" nomli IT xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyasi bo‘ladi.

Uning internet-do‘koni faoliyati boshlangandan bir necha oy o‘tib muvaffaqiyatsizlikka uchragan. Bu muvaffaqiyatsizlikni Sarvar Ro‘zmatov quyidagicha eslaydi:

Startap yaratuvchilarining eng katta xatosi bozorni o‘rganmasdan turib g‘oyaning ketidan quvishdir. Biz ham aynan shu xatoga yo‘l qo‘ydik. Ya’ni internet-do‘kon tashkil qilish yaxshi g‘oya edi. Biroq o‘sha paytda to‘lovni onlayn qabul qiluvchi ekvayring xizmati mavjud emasdi. Shu bois bu biznes uzoqqa bormadi.

Sarvar Ro'zmatov Foto: YouTube / Alter Ego

2011-2012-yillarga kelib, Sarvar Ro‘zmatovda ekvayring xizmatini ishlab chiqish g‘oyasi tug‘iladi. Shundan so‘ng internet-do‘koni hamda IT kompaniyasining faoliyatini yakunlaydi.

Ma’lumot uchun, ekvayring xizmati - bu biror saytda yoki savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida bank kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilish tizimi hisoblanadi.

Foto: Saytda ekvayring xizmati orqali to'lov qilish

Sarvar Ro‘zmatov ushbu xizmatni ishlab chiqish uchun 10 kishilik dasturchilar jamoasini shakllantiradi va unga o‘z hisobidan dastlab 150 ming dollar mablag‘ ajratadi.

Dasturlash tillari orasidan esa JavaScript’ni tanlaydi. Keyinchalik yana 100 ming dollar atrofida investitsiya jalb qiladi. Bu investitsiyalar asosan dasturchilar va xodimlarning maoshiga sarflanadi.

Shunday qilib, 2013-yilda oradan bir yil o‘tib Paycom nomli ekvayring xizmati AloqaBank bilan hamkorlikda bozorga chiqariladi.

Biroq o‘sha paytda internet-do‘konlari hamda ekvayring xizmatiga talabning kamligi sababli bu startap ham kutilgan natijani bermaydi.

Shunda Sarvar Ro‘zmatov e’tiborni jismoniy shaxslarga qaratish kerak degan xulosaga keladi. O‘sha paytlarda kartadan-kartaga pul o‘tkazish imkoniyatini beruvchi P2P xizmati mavjud bo‘lmagan.

Shu bois 2014-yilga kelib Sarvar Ro‘zmatovda kartadan-kartaga pul o‘tkazuvchi xizmatni ishlab chiqish g‘oyasi paydo bo‘ladi. 2016-yilning aprel oyida oradan ikki yil o‘tib Payme ilovasi e’lon qilinadi.

Foto: banki.ru

O‘sha paytda Payme yangi ilova bo‘lgani uchun unchalik mashhur emasdi. Unga raqobatdosh bo‘lgan Click kompaniyasida esa 2 millionga yaqin foydalanuvchi bor edi. Lekin Click’da P2P xizmati mavjud bo‘lmagan.

Shu sababli Click hamda Payme rahbarlari kelishgan holda P2P xizmatini Click xizmatlari orasiga qo‘shadi. Bunda Click xizmatlari orasida kartadan-kartaga o‘tkazmalar xizmati Payme nomi ostida joriy etiladi.

Shuning uchun ko‘pchilik kartadan-kartaga o‘tkazmalarni birinchi bo‘lib Click yaratgan deb o‘ylaydi. Aslida esa P2P xizmatini ham, ekvayring xizmatini ham O‘zbekistonda birinchi bo‘lib Payme ishlab chiqqan.

Payme’ning 51 foiz ulushining sotilishi

2019-yilning 10-aprel sanasida Gruziyaning TBC Bank Group PLC (TBC Bank) kompaniyasi Payme’ning 51 foiz ulushini sotib olganini e’lon qiladi.

Shunday qilib, Payme yaratilganidan uch yil o‘tib 10,8 mln dollarga baholanadi hamda 51 foiz ulushi 5,5 mln dollar pul evaziga TBC Bank’ka sotiladi.

Foto: Sarvar Ro'zmatov hamda TBC Bank vakillari

Ushbu holatdan so‘ng Payme’ning moliyaviy ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilanadi. Xususan, 2022-yilda Payme 2018-yildagi 1,6 mln va 0,8 mln dollarga nisbatan 17,5 mln dollar daromad va 11,4 mln dollar sof foyda ko‘radi.

Shuningdek, 2019-yilning aprel oyidan boshlab Payme foydalanuvchilari soni 2,3 barobarga oshib, 3,1 millionga yetadi.

O‘sha paytda aksiyadorlar tarkibi quyidagicha edi:

  • TBC Bank Group PLC
  • Ro‘zmatov Sarvar Nasrullayevich
  • Xodjayev Baxrom Ravshanovich
  • Ziyayev Farrux G‘olibsherovich
Ma’lumot uchun, 2020-yilning 25-noyabr sanasida Payme’ning 7,5 foiz aksiyalariga egalik qiluvchi Farrux Ziyayev UZCARD to‘lov tizimining bosh direktori lavozimiga tayinlanadi.

Foto: Farrux Ziyoyev

2021-yilning aprel oyida Payme’ning foydalanuvchilari soni 1,8 millionta, aktiv foydalanuvchilari esa 600 mingtani tashkil etgan.

O‘sha paytda P2P xizmati Payme xizmatlari orasida 50 foizni tashkil etardi. Barcha xodimlar soni esa 85 taga yetgandi.

Payme’ning butunlay TBC Bank’ka sotilishi

2023-yilning 23-may sanasiga kelib Payme’ning qolgan 49 foiz ulushi ham 10 kunda to‘lovni amalga oshirish sharti bilan 55,7 mln dollarga TBC Bank’ka sotiladi. Bu uning o‘sha paytdagi qiymati 113,6 mln dollarga baholanganini anglatadi.

Foto: Gazeta.uz

Shunday qilib, 2023-yilning 23-mayida Payme’ning 100 foiz ulushiga TBC Bank egalik qilishni boshlaydi. Bunda TBC Bank Payme’ning 100 foiz ulushini umumiy hisobda 61,2 mln dollarga sotib olgan edi.

Payme’ning aksiyadorlik jamiyatiga aylanishi

2024-yilning iyul oyiga kelib Payme savdo belgisi egasi "Inspired" MCHJning mulkchilik shakli aksiyadorlik jamiyatiga aylantiriladi va "Payme" AJ nomiga o‘zgartiriladi.

Shundan so‘ng, Payme’ning moliyaviy hisobotlari ham e’lon qilina boshlaydi.

Infografika: Bankers.uz

2023-yilda Payme ilovasining foydalanuvchilari soni 1 mlnga ko‘payib, 2024-yil boshiga kelib 12 mln kishiga yetadi. O‘sha vaqtda ilovaning oylik faol foydalanuvchilari soni 3,3 mln, kunlik faol foydalanuvchilari soni esa 1,2 mln kishini tashkil etayotgandi.

Foto: HUMO to'lov tizimining 2024-yil sarhisobi

Infografika: Bankers.uz

2025-yilning 30-yanvar sanasida Raqobat qo‘mitasi tomonidan Payme ustun mavqega ega deb topiladi.

Bunga Payme tomonidan onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega erishganligi to‘g‘risida Raqobat qo‘mitasiga taqdim etilgan xabarnomasi asos qilib olinadi.

2021-yilning aprel oyida Sarvar Ro‘zmatovning Akmal Paizievga bergan intervyusida odamlar nima uchun Payme’dan foydalanayotganiga quyidagicha javob beradi:

Ilovamiz qulay tarzda ishlab chiqilgani tufayli, foydalanuvchilar kamroq tugmani bosib pul o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Odatda foydalanuvchilar narxga qaraganda tezlikni afzal ko‘radilar.

Maqolamizni yakunlar ekanmiz, Payme o‘z faoliyatini boshlaganidan 3 yil o‘tib 10,8 mln dollarga, 7 yil o‘tib esa 113,6 mln dollarga baholangani haqida eslatib o‘tmoqchimiz.

Bundan oldingi maqolalarimizda Payme'ga raqobatdosh bo'lgan Paynet hamda Click fintex kompaniyalarining tarixi haqida ham yozganmiz.

#payme#payme tarixi#paynet#click#sarvar ro'zmatov#farrux ziyayev#TBC Bank#TBC Bank group

Eng ko'p o'qilgan