O‘zbekistonning birinchi raqamli fintex kompaniyasi — Click tarixi

01.04.2025 11:18
Ko‘pchilik Click fintex kompaniyasi xizmatlaridan foydalanadi. Biroq, uning qiziqarli tarixi borligini ko‘pchilik bilmasa kerak. Shu sababli tanga.uz ushbu kompaniyaning tarixi va boshqa ma’lumotlari haqida material tayyorladi.
O‘zbekistonning birinchi raqamli fintex kompaniyasi — Click tarixi

Foto: Rustam Fayziyevning Fecebook sahifasidan olindi

Click qanday kompaniya?

Click bu — barcha kommunal to‘lovlarni, internet, mobil aloqa va ko‘plab boshqa xizmatlar uchun to‘lovlarni smartfonda amalga oshirish imkonini beruvchi ilova hisoblanadi.

Click bu orqali mahsulotni sotayotgan kompaniyalardan yoki kartadan-kartaga o‘tkazmalarda pul o‘tkazuvchidan foiz olish evaziga foyda ko‘radi.

Shu sababli Click’da mijoz maqomi o‘rniga foydalanuvchi maqomi qo‘llaniladi.

Click qanday paydo bo'lgan?

Click kompaniyasining asoschilaridan bo‘lgan Ulug‘bek Rustamov hamda Rustam Fayziyev bir maktabda tahsil olgan. Ular maktab davridan IT sohasiga qiziqqan.

Maktabni tamomlagach, Ulug‘bek Rustamov o‘zining IT sohasiga ixtisoslashgan o‘quv markazini ochgan. Rustam Fayziyev esa O‘zmilliybankka ishga kirgan va u yerda Click’ning uchinchi asoschisi hisoblangan, Baxodir Abdukadirov bilan tanishgan.

Baxodir Abdukadirovning ham IT sohasiga oid bilimlari bo‘lgan. U O‘zmilliybank’ning ABC dasturini yozishda ishtirok etgan.

Click kompaniyasining asoschilari. Foto: tanga.uz

O‘sha vaqtlarda Click g‘oyasi qanday paydo bo‘lganini Ulug‘bek Rustamov quyidagicha eslaydi:

"Men doim onlayn do‘kon ishlab chiqishni o‘ylardim. Biroq, ushbu g‘oyani amalga oshirgan taqdirimizda ham biz pulni mijozdan qabul qilish jarayonida muammo bo‘lishini tushundik. 
Shundan keyin bizda fintex kompaniyani yaratish g'oyasi paydo bo‘ldi. Rustam bilan Baxodirning bank sohasida ko'p yillik tajribaga ega ekanligi ishimizni ancha yengillashtirdi. 
O‘sha vaqtlarda faqat Paynet bor edi va u 30 mingga yaqin nuqtada jadal ishlayotgandi. Biz Paynet bilan raqobatlasha olishimiz uchun Paynet’dan ko‘ra arzonroq va qulayroq taklif bilan chiqishimiz kerak edi.
Paynet skretch-kartalardan voz kechish evaziga bozorga kirgan bo‘lsa, biz odamlar Paynetga borib emas, balki uyidan turib to‘lash imkoniyatini yaratish kerakligini tushundik.
Biz Click’ning kelajagi borligiga ishongandik. Shundan so‘ng 2 ta dasturchi oldik va Click dasturini yozishni boshladik".

Click'ning ilk ofislaridan biri. Foto: Rustam Fayziyevning Fecebook sahifasidan olindi.

Kutilmagan qiyinchiliklar

Click ishlab chiqilgach, ushbu xizmat turi qanday ishlashini banklarga tushuntirishda ko‘plab qiyinchiliklar yuzaga kelgan.

Click banklarga server qo‘yishni hamda ulardan hech narsa talab qilinmasligini, buning ustiga foydaning 20 foizini olishini taklif qilgan. Shunday bo‘lishiga qaramasdan birorta bank ushbu xizmat turiga jiddiy e’tibor bermagan.

Nihoyat oradan 1 yil o‘tib, uchta bank ushbu xizmatni ulashga rozi bo‘lgan. Ushbu banklar InFinBank, Asia Alliance Bank va Agrobank edi.

Shundan so'ng, 2011-yili Click kompaniyasiga asos solinadi. Shu yilning 10-noyabr kunida esa davlat ro'yxatidan o'tkaziladi.

Click mazkur uchta bankda 10 ming nafar mijozga xizmat ko'rsatishni boshlagan hamda mashhur bo‘lishni boshlagach, qolgan banklar ham ulashga rozi bo‘ladi.

Keyingi qiyinchilik bu — investor topish hamda uni ishontirish bo‘lgan. Ulug‘bek Rustamovning aytishicha, Click 2015-yilda nol nuqtaga erishgan, ya'ni zarar bilan ishlashni to'xtatgan.

Shu vaqtgacha 2 mln dollar investitsiya jalb qilgan. Bu investitsiyaning 1,5 mln dollari odamlarni Click’dan foydalanishga o‘rgatish uchun ketgan.

Mijozlarni jalb qilish jarayoni

O‘sha vaqtlarda Paynet foydalanuvchilaridan mobil aloqa uchun to‘lov qilinganda 6% xizmat haqi olgan.

Click ushbu xizmatni 2% evaziga taklif qilgan. Keyinchalik Click asoschilari ushbu to‘lov uchun xizmat haqi aloqa operatorlaridan olinishi kerak degan xulosaga kelgan.

Biroq, aloqa operatorlari xizmat haqi to‘lashdan bosh tortgan. Shundan so'ng, Click ushbu xizmatni 2012-yildan 2013-yilgacha foizsiz amalga oshirgan.

1 mln foydalanuvchini yig‘a olsak, aloqa operatorlari foiz berishga rozi bo‘ladi degan xulosaga kelganmiz. Haqiqatdan ham shunday bo‘ldi va aloqa operatorlari bizga foiz berishni boshlagan. Shundan so‘ng, Paynet ham ushbu xizmatni foizsiz amalga oshirishni boshladi, deb aytgan U.Rustamov.

Click’ning maqsadi barcha to‘lov jarayonlarida ishtirok etish bo‘lgan. Keyinchalik internet provayderlar, kommunal to‘lovlar, soliq va shu kabi to‘lov turlarini ulagan.

Ma’lumot uchun, 2016-yilda O'zbekiston birinchi bo'lib, Payme fintex kompaniyasi kartadan-kartaga o‘tkazmalar xizmatini (P2P) joriy qilgan.

Click esa o‘z xizmatlari orasida kartadan-kartaga o‘tkazmalarni Payme sifatida joriy qilgan.

Keyinchalik o‘z xizmatlarini osonlashtirish uchun "Click" boti hamda "Click Evolution" ilovalarini ishga tushirgan. “Click” boti to‘g‘ridan-to‘g‘ri Durov jamoasi bilan tuzilgani bois, unga bot so‘zi qo‘shilmagan hamda shu paytga qadar biror marta kiberhujumlar yuz bermagan.

Moliyaviy ko'rsatkichlari

Infografika: tanga.uz

Payme va Paynet bilan raqobat

HUMO to'lov tizimining 2024-yil yakunlari bo'yicha sarhisobi

Infografika: tanga.uz

Kompaniyaning yirik ulushi Halyk Bankiga sotilishi

Kompaniya bosh direktori Ulug‘bek Rustamov 2020-yilning noyabr oyida MyStart ko‘rsatuviga bergan intervyusida Click’ni sotish bo‘yicha hech qanday reja yo‘qligini, aksincha uni yanada rivojlantirishni maqsad qilganini aytadi.

Biroq, kompaniya oradan 5 yil o‘tib Qozog‘istonning Halyk Banki bilan o‘zaro ulushlarni almashish bo‘yicha bitim tuzganini e’lon qildi

Bitim shartlariga ko‘ra, Halyk Bank Click kompaniyasining 49 foiz ulushini 176,4 mln dollarga sotib oladi. 

O‘z navbatida, Click ushbu bankning O‘zbekistondagi sho‘ba korxonasi bo‘lmish Tenge Bank’ning 49 foiz ulushini 60,76 mln dollarga sotib oladi.  

Bitim tuzilmasi tomonlarga yaqin hamkorlikda ishlash imkonini beradi, shu bilan birga har bir kompaniyaning yuridik mustaqilligi saqlanib qolinadi. 

Shu tariqa, bitim doirasida Click to‘lov kompaniyasi 360 mln dollarga, Tenge Bank esa 124 mln dollarga baholandi. 

Kutilayotgan kelishuv yakuniga ko‘ra, Qozog‘iston Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi umumiy sarmoyalari 1,5 mlrd dollarga baholanmoqda. Halyk Bank haqida batafsil ushbu havolada yozilgan.

Ushbu bitimdan oldin Click aksiyadorlarning kompaniyadagi ulushi quyidagicha edi:

  • Azimov Ilyas Ulug‘bekovich — 35%
  • G‘ulamqodirov Azizillo Izotillayevich — 25%
  • Azimov Ilxom Ulug‘bekovich — 20%
  • Rustamov Ulug‘bek Shaxzodovich — 5%
  • Fayziyev Rustam Murodjonovich — 5%
  • Abdukadirov Baxodir Miragzamovich — 5%
  • Usmanov Jahongir Mirjalilovich — 5%

Xodimlar

Click tashkil etilgan paytda jamoada atigi 5 kishi bo‘lgan. Kompaniya rivojlanishi bilan xodimlar soni ham ortib borgan.

Xususan, 2011-yildan 2020-yilgacha xodimlar soni 70 nafarga yetgan. 2020-yildan 2023-yilgacha esa ularning soni 400 nafarni tashkil etgan.

Foto: co.click.uz

Ulug‘bek Rustamov intervyulardan birida 2026-yilgacha xodimlar sonini 2 mingga yetkazishni rejalashtirganini ma’lum qilgandi.

Click xodimlar uchun sport zal. Foto: co.click.uz

2020-yil mart oyida pandemiya tufayli Click ofisi yopilgach, barcha xodimlar uydan ishlashga o‘tgan. Shundan so‘ng, ular samaradorlik 40 foizga oshganini payqashgan. Buning natijasida xodimlarga ko‘proq erkinlik berilgan. Bunda ular o‘zlari xohlagan joyda ishlash imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

2025-yilning 1-aprel holatiga ko'ra, Click'ning xodimlari hamda foydalanuvchilari soni. Foto: co.click.uz

Kompaniyaga oid ma'lumotlar va yangiliklar

Click 2024-yilning 4-iyul sanasida MChJdan aksiyadorlik jamiyati AJga aylangani ma'lum bo'lgandi.

Shu yilning 6-dekabr sanasida esa, Click mobil ilovasi Click SuperApp’ga o‘zgartirilib, xizmat turlarini kengaytirdi.

Click SuperApp ilovasidagi ayrim xizmat turlari

Foto: stat.uz

Click bosh ofisi. Foto: spot.uz

Avvalroq, Click o‘z ustav kapitalini 20 mlrd so‘mga yetkazish maqsadida yopiq obuna orqali qiymati 10 mlrd so‘mlik aksiyalar chiqargan edi.

Bundan oldingi maqolalarimizda Click’ning asosiy raqobatchilari bo‘lgan Paynet hamda Payme kompaniyalarining tarixi haqida ham yozgandik.

#paynet#payme#click tarixi#ulug'bek rustamov#Rustam Fayziyev#Baxodir Abdukadirov#raqobat

Eng ko'p o'qilgan