"Payme" AJ 2025-yilning 1-choragi bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlarini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, kompaniyaning sof foydasi 73,7 mlrd so‘mni (amaldagi kurs bo'yicha 5,7 mln dollar) tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 26,1 mlrd so‘mga yoki 55 foizga ko‘proqdir.
Ma’lumot uchun, Payme 2024-yilning dastlabki 9 oyi davomida 186,94 mlrd so‘m sof foyda olgandi.
Shuningdek, 1-chorakda kompaniya majburiyatlari 1,37 mlrd so‘mga kamayib, 16 mlrd so‘mni tashkil etgan. Jami kapitali esa hisobot davri boshiga nisbatan 73,75 mlrd so‘mga ko‘payib, 454,8 mlrd so‘m etib belgilangan.
Buning natijasida kompaniya aktivlari qiymati 470,8 mlrd so‘mga yetgan. Bu hisobot davri boshiga nisbatan 72,4 mlrd so‘mga ko‘proqdir.
Ma’lumot uchun, Payme’ga 2016-yili Sarvar Ro‘zmatov tomonidan asos solingan. Aynan kartadan-kartaga pul o‘tkazish xizmatini birinchi bo‘lib Payme ishlab chiqqan.
2019-yilning 10-aprel sanasida Gruziyaning TBC Bank Group PLC (TBC Bank) kompaniyasi Payme’ning 51 foiz ulushini 5,5 mln dollarga sotib olgan. Qolgan 41 foiz ulushini ham TBC Bank 2023-yilning 23-may sanasiga kelib 55,7 mln dollarga sotib oladi.
Shunday qilib, hozirgi kunda Payme fintex kompaniyasi Gruziyaning TBC Bank’iga qarashli hisoblanadi. Agar Payme qayday tashkil topgani qiziqtirsa, bu haqida ham maqola yozganmiz.
Eslatib o‘tamiz, Payme’ning raqobatchisi Paynet 2025-yilning 1-choragida qariyb 110 mlrd so‘m sof foyda olgandi.