Click ustun mavqega ega kompaniya deb topildi

05.05.2025 07:15
Raqobat qo‘mitasi Click kompaniyasini onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega ega platforma sifatida qayd etdi. Endilikda qo‘mita kompaniyani o‘z mavqesini suiiste’mol qilmasligi uchun monitoring qilib boradi.

Foto: 2GIS

Raqobat qo‘mitasining tegishli buyrug‘i bilan "Click" AJ onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida e’tirof etildi.

Shuningdek, Qo‘mita ustun mavqega ega raqamli platforma operatori faoliyatini raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq nazorat qilish, ustun mavqedan foydalanishni suiiste’mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida majburiy tartibda Monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish va tegishli tartibda monitoring o‘tkazib borish haqida ma’lum qilgan.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston fintex to‘lov tashkilotlari bozorida foydalanuvchilar soni bo‘yicha Click yetakchilik qilmoqda. Bugungi kunda Click foydalanuvchilari soni 20 mln nafardan oshgan.

Ayni paytda kompaniyaning ustav kapitali 10 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga oshirilmoqda

Eslatib o‘tamiz, Click kompaniyasi 2025-yilning 1-choragida 72,3 mlrd so‘m sof foyda olgani ma’lum bo‘lgandi.

Avvalroq, Click fintex kompaniyasining tarixiga oid maqola e’lon qilgandik.

#click#ustun mavqe#monopoliya

Eng ko'p o'qilgan